Markaziy bank 2026-yil uchun inflyatsiya prognozini 7% gacha oshirishda issiq suv va isitish tariflari oshishi, shuningdek, propan narxining keskin qimmatlashishini hisobga oldi. Bu haqda 4-noyabr kuni matbuot anjumanida regulyator raisi o‘rinbosari Nodirbek Achilov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Achilovning so‘zlariga ko‘ra, tariflar o‘zgarishi e’lon qilinganida bir vaqtning o‘zida aholini qo‘llab-quvvatlash choralari ham nazarda tutilgan. Jumladan, gazlashmagan hududlarda elektr energiyasi iste’molining bazaviy me’yorini 200 kVt/soatdan 350 kVt/soatga oshirish va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bir martalik kompensatsiya to‘lash belgilandi. Markaziy bank ushbu choralar tariflar oshishining aholi daromadlari, to‘lov qobiliyati va xarid imkoniyatlariga ta’sirini yumshatishga yordam beradi, deb hisoblaydi.

Regulyator raisi o‘rinbosarining qayd etishicha, isitish tariflarining oshishi, shuningdek, suyultirilgan gaz narxining aholi uchun 2,5 baravar qimmatlashishi bilan bog‘liq bir martalik ta’sirlar Markaziy bankning amaldagi prognozida hisobga olingan. Shu sababli 2026-yil uchun inflyatsiya prognozi 6,5% dan 7% gacha oshirilgan. Kelgusi yil uchun 5% lik prognozda ham hozirgacha e’lon qilingan barcha o‘zgarishlar inobatga olingan.

“Shuning uchun ham, 7% lik prognoz deganda, barcha omillar hisobga olingan prognozlar tushuniladi”, — dedi Nodirbek Achilov.

Markaziy bank Pul-kredit siyosati departamenti rahbari Samig‘jon Inog‘omovning aniqlik kiritishicha, issiq suv va isitish tariflarining oshirilishi dastlabki prognozlarga kiritilgan. E’lon qilingan tariflar kutilganidan biroz yuqori bo‘lganligi sababli, Markaziy bank 2026-yil oxiri uchun inflyatsiya prognozini 6,5% dan 7% gacha qayta ko‘rib chiqqan.

“Aynan shu omil qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish va stavkani 14% darajasida belgilashda asosiy va muhim omillardan biri bo‘ldi”, — deya tushuntirdi departament rahbari.

Avvalroq Spot Markaziy bank asosiy stavkani 13,5% gacha tushirish masalasini ham ko‘rib chiqqani haqida yozgan edi.