Toshkent shahar hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi Yakkasaroy tumanidagi qurilish obyektlaridan birida jiddiy qoidabuzarliklarni aniqladi. Bu haqda Toshkent shahar hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tekshiruv natijasida armatura-karkas ishlari loyiha talablariga muvofiq bajarilmagani, temir-beton ustun va rigellarni quyishda yetarlicha mustahkamlash ishlari olib borilmagani, shuningdek, boshqa konstruktiv xatolar borligi aniqlangan. Bundan tashqari, obyektda qurilish chiqindilari to‘planib qolgan.

inspeksiya, noqonuniy qurilish, qonun buzilishi, qurilish

Inspeksiya tomonidan e’lon qilingan videoda inspektor rigellar plitani ko‘tarishga mo‘ljallanmaganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zinapoya maydonchasi devorga loyihaviy yechimsiz, anker orqali biriktirilgan.

“Qanaqa anker qilingan, nima qilingan, kim nima tiqqan u yerga, hech kim bilmaydi”, — dedi inspektor.

Qurilish tashkilotiga majburiy yozma ko‘rsatmalar berildi va obyektda instrumental texnik ko‘rik o‘tkazish talab etildi. Ko‘rsatmalar bajarilgunga qadar qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatildi.

Inspeksiya poytaxtdagi qurilish obyektlarida kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot Toshkentda 720 dan ortiq ko‘p qavatli uy ruxsatsiz qurilgani haqida yozgan edi.