Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlarida uchuvchisiz aviatsiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish va uni tartibga solish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dronlar yordamida iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish istiqbollari qayd etildi. Xususan, qishloq xo‘jaligida ulardan ekin maydonlarini kuzatish va ularga ishlov berishda, sanoatda ishlab chiqarish jarayonlari va infratuzilmani nazorat qilishda, shaharlarda esa monitoring va yo‘l harakatini tashkil etishda foydalanish mumkin.
Baholashlarga ko‘ra, jahon dron bozori yiliga 10−15% ga o‘smoqda. Taqdimotda ta’kidlanishicha, uchuvchisiz texnologiyalarni joriy etish iqtisodiy o‘sishni tezlashtirishi, malakali mutaxassislarga talabni rag‘batlantirishi va yangi texnologik yo‘nalishlarning rivojlanishiga turtki berishi mumkin.
Dronlardan fuqarolik maqsadlarida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu yo‘nalishda biznes va investitsiyalar uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, parvozlar xavfsizligi va fuqarolarning shaxsiy hayoti daxlsizligini ta’minlaydigan zamonaviy tartibga solish mexanizmlarining ahamiyati ta’kidlandi.
Dronlardan foydalanishning yagona qoidalari, ularni hisobga olish, parvozlarni muvofiqlashtirish, sug‘urtalash va yetkazilgan zararni qoplash mexanizmlarini takomillashtirish rejalashtirilmoqda.




Davlat rahbari uchuvchisiz uchish apparatlari (UUA) haqidagi ma’lumotlarni birlashtiruvchi yagona raqamli axborot tizimini yaratish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqdi. Shuningdek, dronlar uchun parvoz hududlarini belgilash va ulardan foydalanish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Bundan tashqari, uchuvchisiz aviatsiya yo‘nalishi uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi. Operatorlarni o‘qitish bo‘yicha innovatsion ekotizimni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
2027−2028-o‘quv yilidan Transport universitetida dronlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashni boshlash, ta’limni amaliyot bilan bog‘lash va yangi aviatsiya texnologiyalariga qiziqishni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi rejalashtirilgan.
Mirziyoyev uchuvchisiz aviatsiya sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqishni topshirdi. Kutilishicha, ular iqtisodiyotda dronlardan foydalanishni kengaytirish va ularning ishlab chiqarilishini rivojlantirishni nazarda tutadi.
Avvalroq Spot Qarshidagi traktor zavodida agrodronlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.



