Raqobat qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi ko‘p qavatli uylarni markazlashgan issiqlik bilan ta’minlash holatini o‘rgandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Issiqlik ta’minoti” MChJ mahalliy qozonxonalar orqali Qarshi shahri hamda Nishon, Koson va Yakkabog‘ tumanlaridagi 384 ta ko‘p qavatli uyning 14 448 ta xonadonini issiqlik bilan ta’minlaydi. Kompaniya, shuningdek, 12 ta budjet va boshqa tashkilotlar bilan shartnoma tuzgan.
O‘rganish davomida rejali ta’mirlash, tizimdagi avariyalar, gaz bosimining me’yordan pasayishi, sovuq suv va elektr ta’minotidagi uzilishlar sababli qozonxonalar ishlamagan kunlarda xonadonlarga issiqlik yetkazilmagani aniqlangan. Shunga qaramay, bu kunlar uchun ham iste’molchilarga qarzdorlik hisoblangan.
Natijada 5500 ta xonadon iste’molchilari foydasiga qariyb 2,3 mlrd so‘m qayta hisoblandi. Bu har bir xonadonga o‘rtacha 418 ming so‘mdan to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Spot Iqtisodiyot va moliya vazirligi isitish tariflari nega inflyatsiyadan yuqori oshirilishini tushuntirgani haqida yozgan edi.