“Humo Air” aviakompaniyasi 9-yanvardan boshlab, yangi Toshkent — Farg‘ona — Toshkent yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur yo‘nalishida reyslar haftaning seshanba, payshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.

Avvalroq 7-yanvardan aviakompaniya Samarqanddan Urganchga parvozlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.

Aviaqatnov haftada ikki marotaba — chorshanba va shanba kunlari quyidagi jadval asosida harakatlanadi:

  • Urganchdan Samarqandga — soat 07:40da:
  • Samarqanddan Urganchga — 09:25da.

O‘tgan yilning 15-dekabridan “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi mamlakatning to‘rtta shahriga parvozlarni boshlagandi. Aviakompaniya Nukus, Samarqand, Urganch hamda Qarshiga parvozlarni amalga oshirmoqda.

O‘tgan yilning oxirida Shveysariyaning “ValleyRoad Capital S.A.” sarmoyaviy kompaniyasi 27,2 mlrd so‘mga “Humo Air” kompaniyasining 100% davlat ulushini sotib oldi.

Shuningdek, oktabr oyida aviakompaniyaning rejalari bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi matbuot anjumanida yil oxirigacha uchta Airbus A320 samolyoti xarid qilinishi aytilgandi.

Kelasi uch oy ichida “Humo Air” 200 ming yo‘lovchini tashiydigan 1000ta reysni amalga oshirishni rejalashtirgan. 2024-yili esa Olmaota, Istanbul va Dubayga parvozlarni boshlashi belgilangan.