Joriy yilning 15-dekabridan “Humo Air” xususiy aviakompaniyasi mamlakatning to‘rtta shahriga parvozlarni boshlagandi. Aviakompaniya Nukus, Samarqand, Urganch hamda Qarshiga parvozlarni amalga oshirmoqda.

“Humo Air” yana bir yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshiradi, deya xabar bermoqda aviakompaniya matbuot xizmati.

2024-yilning 7-yanvaridan aviakompaniya Samarqanddan Urganchga parvozlarni amalga oshiradi.

Aviaqatnov haftada ikki marotaba — chorshanba va shanba kunlari quyidagi jadval asosida harakatlanadi:

  • Urganchdan Samarqandga — soat 07:40da:
  • Samarqanddan Urganchga — 09:25da.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha ham aviachiptalar narxi 159 ming so‘mdan boshlanadi. Aviabiletlarni kompaniyaning flyhumo.com sayti orqali xarid qilish mumkin.

O‘tgan yilning oxirida Shveysariyaning “ValleyRoad Capital S.A.” sarmoyaviy kompaniyasi 27,2 mlrd so‘mga “Humo Air” kompaniyasining 100% davlat ulushini sotib oldi.

Shuningdek, oktabr oyida aviakompaniyaning rejalari bo‘yicha o‘tkazilgan birinchi matbuot anjumanida yil oxirigacha uchta Airbus A320 samolyoti xarid qilinishi aytilgandi.

Kelasi uch oy ichida “Humo Air” 200 ming yo‘lovchini tashiydigan 1000ta reysni amalga oshirishni rejalashtirgan. 2024-yili esa Olmaota, Istanbul va Dubayga parvozlarni boshlashi belgilangan.


Avvalroq O‘zbekiston va BAA parvozlar chastotasini oshirishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi. Dubay va Abu-Dabidan tashqari amirlikning boshqa shaharlariga ham aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.