IT Park Uzbekistan ish izlovchilardan rezyumelarni qabul qilish uchun Talent Park botini ishga tushirdi. Bu haqda texnopark matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qildi.

Talent Park orqali nomzodlar o‘z rezyumesini yuborib, tajribasi, ko‘nikmalari va professional yo‘nalishi haqida ma‘lumot berishi mumkin. Ularning ma‘lumotlari IT Park shakllantirayotgan nomzodlarning yagona bazasiga kiritiladi.

Tegishli vakansiyalar paydo bo‘lganda, bazadagi nomzodlarning rezyumelari yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalarga, jumladan IT Park rezidentlariga ko‘rib chiqish uchun yuborilishi mumkin.

Tashabbus O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab oladi. Undan tajribali mutaxassislar bilan birga professional faoliyatini endi boshlayotgan talabalar va oliygoh bitiruvchilari ham foydalanishi mumkin.

Kompaniyalarda talab faqat IT-kasblar bilan cheklanmaydi. Dasturchilar, QA-muhandislar, ma‘lumotlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassislar va dizaynerlardan tashqari, marketing, savdo, mijozlarga xizmat ko‘rsatish, moliya, buxgalteriya hamda ma‘muriy boshqaruv yo‘nalishlarida ham xodimlarga ehtiyoj mavjud.

BPO va call-markazlar uchun kadrlarga talab ham ortib bormoqda. Xalqaro bozorlarda ishlovchi kompaniyalarda ingliz, rus, nemis, fransuz, ispan, turk, arab, xitoy, yapon va koreys tillarini biladigan mutaxassislarga talab yuqori.

Ish beruvchining talablariga qarab, nomzodlarga ofisda, gibrid yoki masofaviy ishlash taklif etilishi mumkin. Bu hududlardagi ish izlovchilar uchun ham qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Rezyumeni @talent_park_bot orqali yuborish mumkin. Ochiq vakansiyalar va karyera imkoniyatlari haqidagi ma‘lumotlar esa @talentparkuz Telegram-kanalida e‘lon qilib boriladi.

Qayd etilishicha, bazada ro‘yxatdan o‘tish avtomatik ravishda ishga joylashishni anglatmaydi va ish o‘rnini kafolatlamaydi. U nomzodlarga o‘z professional profilini kompaniyalarga taqdim etish va keyingi tanlovlarda ko‘rib chiqilish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda vakansiyalar soni qariyb 10% ga oshgani haqida yozgandi.