2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda mehnat bozori faolligi yuqori darajada saqlanib qoldi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori bo‘yicha sharhida ma‘lum qilindi.

Mart oyida bo‘sh ish o‘rinlari soni 15,4 mingga yetib, iqtisodiyotda ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatdi. Talab, ayniqsa, xizmatlar, chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish sohalarida yuqori bo‘lgan.

Qurilishda esa bandlik dinamikasi investitsiya sikli va mavsumiy omillarga bog‘liq bo‘lsa-da, birinchi chorak davomida mazkur sohada ham ishchi kuchiga talab oshgan.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish tarmoqlarida mehnatga talabning sezilarli faollashgani kuzatilgan.

ish haqi, markaziy bank, mehnat bozori, vakansiyalar, xususiy sektor

Shu bilan birga, HeadHunter Uzbekistan ma‘lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida faol rezyumelar soni 31,5% ga oshib, 636 ming nafarga yetgan.

Markaziy bank rezyumelar sonining vakansiyalarga nisbatan tezroq o‘sishini mehnat bozorida raqobat kuchaygani, ish haqi o‘sish sur’atlari esa barqarorlashayotgani bilan izohlagan.

Bandlik o‘sishi xizmatlar sohasi hisobiga ta‘minlandi. Eng katta o‘sish moliyaviy va sug‘urta, professional hamda texnik xizmatlar, shuningdek, ma‘muriy va yordamchi xizmatlarda kuzatildi.

Qishloq xo‘jaligida bandlik qisqargan bo‘lsa, sanoat va savdo sohalarida barqaror o‘sish qayd etildi.

Tahlilga ko‘ra, bandlikning o‘sishi asosan xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. 2025-yilda xususiy sektorda bandlik 5,2% ga oshib, umumiy bandlik o‘sishining 4,2% bandini ta‘minlagan. Davlat sektorida esa bandlik 2,6% ga o‘sgan.

2025-yil to‘rtinchi choragi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 4,8% ni tashkil etgan.

Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, o‘rtacha nominal ish haqi 17,4% ga, real ish haqi esa 9,5% ga oshgan. Eng yuqori o‘sish moliyaviy va sug‘urta faoliyati, transport hamda boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida qayd etilgan.

Spot, avvalroq, yoshlarni ish bilan ta’minlayotgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishi haqida yozgandi.