Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 6 mln 825,9 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 17,4% ga o‘sgan.
Hududlar kesimida ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati Namangan viloyatiga to‘g‘ri keldi. Hududda o‘rtacha ish haqi 19% ga oshib, 5,099 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Jizzax viloyati 17,3% ga (5,142 mln so‘m) va Samarqand viloyati 16,5% ga (5,069 mln so‘m) turibdi.
Yanvar-mart oylarida hududlar bo‘yicha eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi — 11 mln 684,3 ming so‘m (+18,8%).
Undan keyingi pog‘onadan 8,453 mln so‘m bilan Navoiy hamda 6,169 mln so‘m bilan Toshkent viloyatlari joy oldi. Eng kam oylik maosh esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 4,665 mln so‘m.
Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:
| № | Hududlar | O‘rtacha oylik ish haqi | 2025-yilning mos davriga nisbatan o‘sish |
| 1 | Toshkent shahri | 11 684 300 so‘m | 18,8% |
| 2 | Navoiy viloyati | 8 453 200 so‘m | 15,7% |
| 3 | Toshkent viloyati | 6 169 600 so‘m | 13,9% |
| 4 | Andijon viloyati | 5 580 900 so‘m | 14,4% |
| 5 | Buxoro viloyati | 5 472 100 so‘m | 15,7% |
| 6 | Sirdaryo viloyati | 5 369 900 so‘m | 14,9% |
| 7 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 5 318 800 so‘m | 14% |
| 8 | Xorazm viloyati | 5 302 400 so‘m | 14,9% |
| 9 | Jizzax viloyati | 5 142 800 so‘m | 17,3% |
| 10 | Namangan viloyati | 5 099 900 so‘m | 19% |
| 11 | Samarqand viloyati | 5 069 400 so‘m | 16,5% |
| 12 | Farg‘ona viloyati | 5 018 900 so‘m | 15,7% |
| 13 | Surxondaryo viloyati | 4 724 200 so‘m | 12,1% |
| 14 | Qashqadaryo viloyati | 4 665 200 so‘m | 14,3% |
Sohalar kesimida ish haqlari qanday bo‘ldi?
Birinchi chorakda sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori o‘sishi (22,5%) tashish va saqlash yo‘nalishlarida kuzatildi, o‘rtacha oylik ish haqi esa 10,709 mln so‘mni tashkil etdi.
Bank va sug‘urta sohasi eng yuqori oylik maosh bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Yanvar-mart oylarida bu yo‘nalishda oylik ish haqi 18,595 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyin esa 16,525 mln so‘m bilan axborot va aloqa (+11%) sohalari joy oldi.
Bu davrda eng past ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (4,111 mln so‘m) qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13% bo‘ldi.
Xususan, axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha maosh quyidagi yo‘nalishlarida qayd etildi:
- dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar — 21,936 mln so‘m;
- axborot xizmatini ko‘rsatish — 21,199 mln so‘m;
- aloqa sohasi — 12,505 mln so‘m;
Bank va moliya sohasida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi majburiy ijtimoiy sug‘urtalashdan tashqari, qayta sug‘urtalash va nafaqa jamg‘armalari (24,313 mln so‘m) hamda moliyaviy xizmatlar va sug‘urtalash (20,582 mln so‘m) faoliyatida kuzatildi.
Ta’lim sohasida o‘rtacha oylik maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 10,843 mln so‘m. Eng past ish haqi esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,485 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 4,931 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 4,473 mln so‘mni tashkil etdi.
Avvalroq O‘zbekistonda “ish haqi qulligi"ni tugatish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank dekabrgacha maosh olinadigan bank yoki elektron provayderni mustaqil tanlash huquqini berish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.