Sergeli avtomobil bozori hududida harakatni tashkil etish sxemasi o‘zgartiriladi, deya xabar berdi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Sergeli avtomobil bozori Toshkentdagi transport oqimini shakllantiruvchi eng yirik nuqtalardan biridir.

Uning umumiy sig‘imi 5400 ta avtomobilni tashkil etadi, shundan 3500 ta joy sotish uchun mo‘ljallangan, qolganlari esa avtoturargoh sifatida foydalaniladi.

Bozor hududida, shuningdek, avtomobil ehtiyot qismlari va tegishli tovarlarni sotishga ixtisoslashgan 1800 dan ortiq savdo obyektlari joylashgan. Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish va chiqish yo‘laklari orqali kuniga 1500 dan ortiq avtomobil harakatlanadi.

“Ko‘plab haydovchilarga yaxshi ma’lumki, aynan shu holat yillar davomida Yangi Sergeli ko‘chasida jiddiy yuklama yuzaga keltirib kelgan. Avtomobillar bozorga kirish uchun asosiy yo‘lda tezlikni pasaytirgan, bozordan chiqayotgan transport esa qisqa masofada umumiy oqimga qo‘shilgan. Natijada kechikishlar va tirbandliklar yuzaga kelgan”, — deyiladi xabarda.

Yangi yo‘l

Ushbu muammoni hal qilish uchun YHTEM Sergeli avtomobil bozori hududida yangi harakat sxemasini joriy etmoqda. Bozor hududi bo‘ylab bozor bilan bog‘liq transport oqimini Yangi Sergeli ko‘chasidagi asosiy oqimdan ajratib turuvchi qo‘shimcha mahalliy yo‘l barpo etiladi.

Endilikda Yangi Sergeli ko‘chasida harakatlanayotgan avtomobillar ushbu mahalliy yo‘lga chiqib, u orqali bozor hududiga kirishi mumkin bo‘ladi. Xuddi shunday, bozordan chiqayotgan transport avval mahalliy yo‘lga tushadi, keyin esa Yangi Sergeli ko‘chasidagi umumiy oqimga xavfsizroq va tartibli qo‘shiladi.

Bunday yechim asosiy magistralda keskin tormozlanishlar va burilishlar sonini kamaytiradi, Yangi Sergeli ko‘chasidagi yuklamani kamaytiradi va bozor hududidagi harakat tartibini yaxshilaydi.

Piyodalar yo‘lakchasi va avtoturargoh

Bundan tashqari, yangi yo‘l bo‘ylab piyodalar va velosipedchilar uchun alohida infratuzilma yaratilmoqda. Bu muhim, chunki bozor hududidan nafaqat avtomobil egalari, balki xaridorlar, xodimlar, yaqin atrofdagi mahalla aholisi hamda jamoat transporti yo‘lovchilari ham foydalanadi.

Bozor ichidagi avtoturargohni tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi. Ilgari tartibsiz avtoturargoh ko‘plab noqulayliklar tug‘dirar edi: haydovchilar mashinalarini duch kelgan joyda qoldirib, boshqa transport vositalarining harakatlanishiga, kirib-chiqishiga hamda tashrif buyuruvchilarning erkin yurishiga xalaqit berardi.

Bozor hududida to‘xtash joylarini tartibga solish maqsadida 2 mingdan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan belgilar qo‘yilgan. Bu maydondan yanada samarali foydalanish, tartibsiz to‘xtash joylarini qisqartirish va bozor ichidagi harakatni yanada tushunarli va xavfsiz qilish imkonini beradi.

Yangi sxema Yangi Sergeli ko‘chasidagi asosiy harakatdan bozor bilan bog‘liq transport oqimini ajratish, magistraldagi yuklamani kamaytirish, kirish va chiqishdagi ziddiyatli nuqtalar sonini kamaytirish, shuningdek, bozor atrofidagi harakatni yanada xavfsiz va bashorat qilinadigan qilish imkonini beradi.

“Bundan tashqari, harakatning yangi tashkil etilishi jamoat transportining qulayligi va tezligini oshirish uchun sharoit yaratadi, piyodalar uchun yo‘lning qisqarishi va xavfsizroq harakatlanishini ta’minlaydi, velosipedchilar uchun sharoitlarni yaxshilaydi va bozor ichida tartibsiz to‘xtab turgan avtomobillar sonini kamaytiradi”, — deya qo‘shimcha qildi markaz.

1-iyun kuni Sergeli tumani hokimligi avtomobil bozorini buzish rejalashtirilayotgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Rekonstruksiya doirasida asfaltni yangilash, savdo pavilonlarining tomlarini almashtirish, shuningdek, yangi avtoturargoh tizimini joriy etish rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot Toshkentda tartibsiz “parkovka"ga qarshi kurash evakuator va jarima maydonchalari orqali kuchaytirilishi haqida yozgandi.