Avvalroq prezident raisligida birinchi chorak ko‘rsatkichlarini tarmoq va hududlar kesimida tanqidiy tahlil qilish va yilning qolgan davrida qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
O‘tgan hafta Xalqaro valyuta jamg‘armasi e‘lon qilgan hisobotda yuqori iqtisodiy faollik orqali O‘zbekiston kuchli va barqaror iqtisodiy o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etildi.
Prezident yana bir ko‘rsatkichga e‘tibor qaratdi: joriy yil mamlakat Iqtisodiy erkinlik indeksi‘da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldi.
“Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimizni bilganlar biladi. Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, ko‘rsatkichlar mehnatimizga yarasha bo‘ldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan ‘bitta poyezdda ketyapti‘.
Zamon, iqtisodiyot va odamlar talabi kun sayin ortmoqda. Yilning uchdan biri o‘tib bo‘ldi. Afsuski, ayrimlar hali ham ‘uyg‘ongani yo‘q‘", — dedi prezident.
Davlat rahbari kimda-kim “Birinchi chorak ko‘rsatkichi yaxshi bo‘ldi, yil yakunigacha ham shunday davom etadi”, deb xotirjamlikka berilsa, xato qilishini qayd etdi.
“Takror aytyapman: global ziddiyatlar, qarama-qarshiliklar, yetakchilik uchun kurash avj olayotgan hozirgi sharoitda dunyo oldingidek „sokin“ bo‘lmaydi. Bunday vaziyatda barcha rahbarlar o‘zi odatlanib qolgan ish uslubi, yondashuvi, kerak bo‘lsa, dunyoqarashini mutlaqo o‘zgartirishi zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yil banklar orqali kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 140 trln so‘m berilmoqda. Masalan, kichik biznesga berilgan har 1 mlrd so‘m kredit hisobiga Shirin shahrida 20 ta, Uchquduqda 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan, Tomdi tumanida 13 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan.
Biroq Uchko‘prik, Piskent, Bo‘stonliq, Karmana, Qo‘rg‘ontepa tumanlarida 1 milliard so‘mlik kreditga o‘rtacha 3 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda.
Agar hamma tuman banklari kreditlarni eng samarali loyihalarga yo‘naltirganida, qo‘shimcha 36 ming yangi ish o‘rni yaratilgan bo‘lardi, norasmiy ishlayotgan yana 60 ming odamning daromadi “soya"dan chiqardi.
Shuning uchun loyiha tanlashda, kredit resurslarini ishlatishda sun‘iy intellekt kerak. Lekin viloyat, tuman bankirlarini sun‘iy intellektga o‘qitib, kredit resursini tumanga eng katta samara beradigan loyihalarga yo‘naltirishni o‘rgatish ishlari sustligi tanqid qilindi.
Soha mas‘ullariga tuman bankirlarini sun‘iy intellektga o‘qitishni boshlash, banklarda Sun‘iy intellekt maslahatchisi platformasini ishga tushirish topshirildi. Bu platforma tadbirkorlarga kredit olish uchun loyihaning parametri, risklari, bozordagi talabni sun‘iy intellekt yordamida tahlil qilib, tayyor yechimlarni berishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Spot, avvalroq, XVJ O‘zbekistonga aksizni oshirish va foyda solig‘i imtiyozlarini bekor qilishni tavsiya etgani haqida yozgandi.