Avvalroq Toshkentdagi banklardan birining mas‘ul shaxslari mijozning $500 minglik omonatidan $300 mingni o‘zlashtirgani aniqlangani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank mazkur holat yuzasidan Spot‘ga izoh berdi.
Regulyatorga ko‘ra, holat bir necha yil avval litsenziyasi qaytarib olingan va faoliyati tugatilgan tashkilot bilan bog‘liq bo‘lib, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan banklarga taalluqli emas.
Mazkur holat bo‘yicha dastlabki ma‘lumotlar vakolatli organlarga taqdim etilgan. Qo‘shimcha ma‘lumotlar vakolatli organlar tomonidan belgilangan tartibda beriladi.
Markaziy bank so‘nggi yillarda bank tizimida ichki nazorat, komplayens va audit mexanizmlarini kuchaytirish, korrupsiya hamda boshqa qonunbuzilishlarning oldini olish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston banklari yarim yil ichida 461 mlrd so‘mlik 18 mln ta firibgarlik operatsiyasining oldini olgani haqida yozgandi.