2026-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston tijorat banklari umumiy qiymati 461 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 18 mln dan ortiq firibgarlik operatsiyalarining oldini oldi, deb xabar berdi Markaziy bank. Bundan tashqari, antivirus tizimlari yordamida 1,29 mln ta qurilmaga kirish cheklandi va 2 mln ta qurilmadan zararli dasturiy ta‘minot olib tashlandi.
Mijozlar mablag‘larini himoya qilish uchun banklar sessiyaviy antifrod tizimlarini joriy etdi. Ular operatsiyalarni xavf darajasi bo‘yicha baholaydi: yuqori xavf aniqlanganda shubhali operatsiyalar cheklanadi.
Jami 18,1 mln ta operatsiyaning oldi olindi. Top-10 bank hissasiga 3,9 mln holat, qolgan banklarga esa yana 14,2 mln holat to‘g‘ri keldi. Oldini olingan operatsiyalarning umumiy qiymati 461,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Markaziy bank yuqori xavf darajasi belgilangan va firibgarlik holatlarining oldi olingan operatsiyalar qiymati va soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichlarga ega o‘nta bank to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni taqdim etdi:
| Bank | Summa | Holatlar soni |
| Xalq banki | 186,7 mlrd so‘m | 2 221 403 |
| TBC bank | 175,5 mlrd so‘m | 93 215 |
| Uzum bank | 68,1 mlrd so‘m | 18 022 |
| O‘zsanoatqurilishbank | 23,7 mlrd so‘m | 1733 |
| Ipak Yuli bank | 5,6 mlrd so‘m | 1 364 136 |
| Hamkorbank | 1,6 mlrd so‘m | 103 105 |
| O‘zmilliybank | 0,7 mlrd so‘m | 101 865 |
| Turon bank | 7,7 mln so‘m | 3121 |
| Ipoteka bank | 4,3 mln so‘m | 4 |
| Open bank | 2,5 mln so‘m | 6309 |
| Boshqa banklar | 3 mln so‘m | 14 210 139 |
Shuningdek, banklar mobil ilovalarga antivirus tizimlarini joriy etdi. Ular foydalanuvchilarning qurilmalaridagi zararli dasturlar va APK-fayllarni aniqlaydi.
Jami 1,28 mln qurilmaga kirish cheklandi, 2 mln qurilmadan esa zararli dasturiy ta‘minot olib tashlandi.
Jadvalda kirishi cheklangan va zararli dasturlar olib tashlangan qurilmalar soni ko‘rsatilgan:
| Bank | Cheklangan | Tozalangan |
| Ipak Yuli bank | 991 179 | 57 326 |
| Orient Finans bank | 93 117 | - |
| Agrobank | 55 955 | 30 997 |
| APEX BANK | 30 506 | 24 997 |
| TBC bank | 29 154 | 18 181 |
| InFinBank | 23 707 | 23 707 |
| O‘zsanoatqurilishbank | 13 544 | 13 544 |
| Mikrokreditbank | 11 285 | 9575 |
| Tenge bank | 6914 | - |
| Open bank | 5998 | 4859 |
| Boshqa banklar | 25 877 | 1 820 849 |
Markaziy bank antifrod va antivirus tizimlari firibgarlik xavflarini dastlabki bosqichda aniqlash, shubhali operatsiyalarni tezkor cheklash hamda bank xizmatlari foydalanuvchilarining mablag‘lari va qurilmalarini himoya qilish imkonini berishini ta‘kidladi.
Spot avvalroq bank kartasi bloklanishi sababini ko‘rsatuvchi InfoCards tizimi joriy etilgani haqida yozgandi.