O‘zbekistondagi banklar endi kredit va boshqa qarzlar uchun bank kartalaridan mablag‘larni “nolgacha” yechib ololmaydi.

Uzcard to‘lov tizimi banklar tomonidan akseptsiz yechib olishlardan foydalanilganda minimal kamaytirilmaydigan qoldiq joriy etdi.

Ushbu tartib joriy yilning 15-aprelidan boshlab amal qiladi hamda kartadan pul yechib olingandan keyin har doim kamida BHMning 3 baravari (1,236 mln so‘m) miqdorida mablag‘ saqlanib qoladi.

“Bu shuni anglatadiki, yechib olish endi balansni nolga tushirmaydi: operatsiyalar faqat belgilangan chegaradan ortiq bo‘lgan mablag‘ doirasida amalga oshiriladi”, — deyiladi xabarda.

Akseptsiz yechib olish karta egalarining banklar va boshqa moliyaviy institutlar oldidagi kreditlar, bo‘lib-bo‘lib to‘lash va boshqa majburiyatlarni so‘ndirish uchun qo‘llaniladi. Mexanizm to‘lov intizomining bir qismi hisoblanadi. Biroq bu shartlar bank tomonidan mijozdan olingan va bir martalik kod (OTP) bilan tasdiqlangan karta rekvizitlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Kompaniya mazkur o‘zgarishlar to‘lov tizimi qoidalariga muvofiq amalga oshirilganini qayd etib, bank-ishtirokchilar bilan birgalikda zarur texnik yangilanishlar joriy etilganini bildirdi.

2025-yilning may oyida Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda insofsiz amaliyotlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi. Undan keyin regulyator ijtimoiy nafaqalar fuqarolar roziligisiz kredit qarzdorligi uchun yechib olinishini insofsiz amaliyot sifatida baholab, banklarni pullarning ruxsatsiz yechib olinishini to‘xtatishga chaqirdi.

Avvalroq Spot eng arzon va eng qimmat ipoteka krediti berayotgan banklar e‘lon qilingani haqida yozgan edi.