Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edi.
Yig‘ilishda Qashqadaryoda qishloq xo‘jaligi orqali qo‘shimcha 200 ming kishini daromadli qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Shu maqsadda Jahon banki bilan hamkorlikda Misr tajribasi asosida sakkizta tumandagi 100 ming gektar yaylovda qurg‘oqchilik va sho‘rga chidamli chorva ozuqasi ekiladi.
Loyiha Nishon, G‘uzor, Muborak, Ko‘kdala, Koson, Mirishkor, Qamashi va Dehqonobod tumanlarida amalga oshiriladi. Ularda 10 ming bosh yirik va 50 ming bosh mayda shoxli chorvaga mo‘ljallangan komplekslar tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Import qilingan chorvani aholiga sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llanadi.
G‘uzor tumanida 10 ming gektar yer foydalanishga kiritilib, uning yarmida paxta, qolgan qismida ozuqa ekinlari yetishtiriladi. Yerlar dehqonlarga berilib, klaster tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Yerlarni o‘zlashtirish uchun bir hafta ichida imtiyozlar paketi ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, kosmik ma’lumotlar asosida viloyatda foydalanishga kiritish mumkin bo‘lgan yana 30 ming gektar yer aniqlangani qayd etildi.
Uning katta qismi Muborak, Koson va Ko‘kdala tumanlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Nishon, Qamashi, Qarshi, Mirishkor, G‘uzor, Yakkabog‘, Kitob, Chiroqchi va Shahrisabzda ham qo‘shimcha yerlar o‘zlashtiriladi. Bu ishga Misrdan 10 nafar doimiy maslahatchi jalb etiladi.
Yig‘ilishda suv ta’minoti masalalariga ham e’tibor qaratildi. Kelasi yili 265 kilometr kanal betonlashtirilib, 20 ta nasos yangilanadi.
Buning uchun 550 mlrd so‘m ajratiladi. 2027-yilda fermerlar bilan birga 75 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi.
Bundan tashqari, Koson, Nishon, Qamashi va Mirishkor tumanlarida bu yil sig‘imi 50 ming kub metrdan bo‘lgan to‘rtta kichik suv hovuzi qurildi.
Ushbu tajriba kengaytirilib, kelasi yil 1-iyungacha Koson, Nishon, Mirishkor, Qamashi va Yakkabog‘ tumanlarining har birida yana ikkitadan suv hovuzi barpo etiladi.
Avvalroq Spot Qarshidagi traktor zavodida agrodronlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.