Davlat xavfsizlik xizmati oltin bilan bog‘liq noqonuniy bitimning oldini oldi. Bu haqda XAVFSIZLIK Telegram-kanali xabar berdi.
Operatsiya Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining mahalliy bo‘linmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
Mazkur ish bo‘yicha Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993-yillarda tug‘ilgan ikki kishi gumonlanuvchi sifatida ko‘rilmoqda.
Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, ular xaridorga 212,9 gramm oltinni 340 mln so‘mga sotishga kelishgan.
Gumonlanuvchilar 999 probali, 26,3 gramm og‘irlikdagi oltin quymasini topshirayotgan paytda qo‘lga olingan.
Ular xaridordan $20 ming dollar (joriy kurs bo‘yicha qariyb 240 mln so‘m — Spot) va 100 mln so‘m olgan, oltinning qolgan qismini keyinroq yetkazib berishni va’da qilgan.
Tintuv vaqtida gumonlanuvchilardan birining uyidan oltin tarkibli qumdan oltin ajratib olish bilan shug‘ullanuvchi yashirin sex aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi “a” bandi — qimmatbaho metallarni o‘ta katta miqdorda noqonuniy sotib olish yoki sotish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari iyulda qariyb $590 mlnga oshgani haqida yozgandi.