Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga oid jinoyatlarda aybdor deb topilgan shaxslar reyestri to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqdi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida e’lon qilindi.
Nizomga ko‘ra, reyestr korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar haqidagi yagona elektron ma’lumotlar bazasi bo‘ladi. Uni ishga tushirish bunday shaxslarga nisbatan qonunda belgilangan cheklovlarga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaviy xatarlarni baholash imkonini beradi.
Reyestrni Agentlik Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yuritadi. Agentlik reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan belgilangan cheklovlar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar ham berishi mumkin.
IIV reyestrga texnik va tashkiliy jihatdan kirishni ta’minlaydi, shuningdek, muayyan shaxsning reyestrda bor yoki yo‘qligi haqidagi ma’lumotlarni so‘rov asosida taqdim etadi. Bundan tashqari, vazirlik korrupsiyaga oid jinoyat sodir etgan shaxslar haqidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritish va ularni chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Korrupsiyaga oid jinoyat uchun sudlangan shaxs haqidagi ma’lumotlar sud hukmi qonuniy kuchga kirganidan keyin reyestrga kiritiladi. IIV tegishli ma’lumotni hukm qonuniy kuchga kirganidan keyin uch ish kuni ichida reyestrga qo‘shishi kerak.
Yozuv shaxsning Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida reyestrda saqlanadi.
Uning muddati tugagach, reyestrdagi yozuv o‘chiriladi. Shuningdek, sudlanganlikning sud orqali olib tashlanishi, oqlov hukmining chiqarilishi, qilmishning Jinoyat kodeksining korrupsiyaga aloqador bo‘lmagan moddasi bo‘yicha qayta kvalifikatsiya qilinishi yoki reyestrdagi shaxsning vafot etishi ham yozuvni o‘chirish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Reyestrga kiritilgan shaxslarga quyidagi faoliyatlar bo‘yicha cheklovlar qo‘llanadi:
- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlarini olish;
- saylanadigan hamda alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod ko‘rsatish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari va idoralararo kollegial tuzilmalarga a’zo bo‘lish;
- davlat kompaniyalari va ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida ishlash;
- o‘zlariga 50% dan ortiq ulush tegishli bo‘lgan korxonalarning davlat xaridlari va davlat-xususiy sheriklik bitimlarida ishtirok etishi.
Hujjat muhokamasi 2-sentabrgacha davom etadi.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun sudlanganlar elektron reyestrini ishga tushirish 22-iyun kuni imzolangan korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qonunda nazarda tutilgan.
Qonun, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga korrupsiyaviy xatarlar xaritalarini tuzish vazifasini yuklaydi hamda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar natijasida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topishni nazarda tutadi.
Avvalroq Spot Andijonda suv ta’minoti filiali boshlig‘i $8,5 ming bilan qo‘lga tushgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Jalaquduq tumani filiali boshlig‘i kanalizatsiya tarmog‘i uchun texnik shart rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.