Avvalroq prezident korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qonunni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjatda ro‘yxatga muvofiq korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslarni yagona elektron reyestrga kiritish nazarda tutilgan. Uni yuritish uchun Ichki ishlar vazirligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas‘uldir.
Sud hukmi qonuniy kuchga kirgach, huquqbuzar 3 ish kuni ichida reyestrga kiritilishi shart. Ma‘lumot Jinoyat kodeksiga muvofiq sudlanganlik muddati davomida saqlanadi.
Reyestrga kiritilgan shaxslarga nisbatan quyidagi faoliyat turlari cheklanadi:
- davlat xizmatiga kirish va davlat mukofotlarini olish;
- saylanadigan va alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzodini qo‘yish;
- davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari va idoralararo kollegial tuzilmalarga a‘zo bo‘lish;
- davlat kompaniyalari va ta‘lim muassasalarida rahbarlik lavozimlarida ishlash;
- o‘zlariga 50% zdan ortiq ulush tegishli bo‘lgan korxonalarning davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimlarida ishtirok etishi.
Shuningdek, qonun bilan Qoraqalpog‘iston, Toshkent shahri va viloyatlar darajasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar tashkil etilmoqda. Ular joylarda korrupsiyaga qarshi dasturlarning bajarilishini tashkil etish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hududiy tuzilmalar faoliyatini huquqiy jihatdan muvofiqlashtirish uchun mas‘ul hisoblanadi.
Kengashlar faoliyatiga xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari raislari, Qoraqalpog‘istonda esa Jo‘qorg‘i Kenges raisi rahbarlik qiladi.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini tuzishga ham mas‘uldir. U davlat organlari va tashkilotlari, hududlar va sohalar kesimida korrupsiya darajasini aniqlash hamda uni minimallashtirish uchun mo‘ljallangan.
Xaritani tuzishda korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasi, korrupsiyaga qarshi kurashda huquqni qo‘llash amaliyoti va aholining unga munosabati kabi omillar hisobga olinadi. Shuningdek, agentlik korrupsiyaga qarshi siyosat samaradorligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlarni va uni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tuzilmalardan olinadigan axborotni tahlil qiladi.
Qonunda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar natijasida tuzilgan bitimlarni haqiqiy emas deb topish tartibi belgilanmoqda. Buni sud vakolatli davlat organining yoki manfaatdor shaxsning arizasi asosida qonunda belgilangan tartibda amalga oshirishi mumkin.
Spot, avvalroq, Soliq qo‘mitasi soha xodimlarining daromad va xarajatlarini deklaratsiyalash tizimini ishlab chiqqani haqida yozgandi.