Prezident 22-iyun kuni korrupsiyaga qarshi kurashishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qonunni (O‘RQ-1155) imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar bermoqda.
Hujjatda korrupsiya va o‘zlashtirish holatlari uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi o‘zgartirishlar nazarda tutilgan. Xususan, Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchada davlat xaridlari predmeti boshlang‘ich narxining uning o‘rtacha bozor narxidan oshib ketishiga yo‘l qo‘yiladigan eng yuqori farqdan ortig‘i uchun jarimalar belgilanmoqda.
Mansabdor shaxslar uchun eng yuqori jarima BHMning 30 baravarini (12,36 mln so‘m) tashkil etadi. Ushbu ma‘muriy jazo faqat o‘zlashtirish alomatlari bo‘lmagan taqdirdagina qo‘llaniladi.
Jinoyat kodeksiga o‘zlashtirish va firibgarlik uchun sudlangan shaxslar yetkazilgan zararni to‘liq qoplamasa, ularni muddatidan oldin shartli ozod qilishni taqiqlovchi norma kiritilmoqda.
Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar ro‘yxati belgilanmoqda. U bilan quyidagi jadvalda tanishish mumkin:
| № | Modda | Huquqbuzarlik tarkibi |
| 1 | 192−9 | Tijorat poraxo‘rligi |
| 2 | 192−10 | Nodavlat tashkiloti xodimini pora evaziga og‘dirish |
| 3 | 210 | Pora olish |
| 4 | 211 | Pora berish |
| 5 | 212 | Pora olish-berishda vositachilik qilish |
| 6 | 213 | Davlat organi, davlat иштирокидаги ташкилот ёки fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xodimini pora evaziga og‘dirish |
| 7 | 214 | Davlat organi xodimining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi |
| 8 | 214−1 | Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi |
| 9 | 214−2 | Sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga og‘dirish |
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining yana 8 ta moddasi bo‘yicha alohida “korrupsiyaviy” jinoyat tarkiblari kiritilmoqda:
- 167-modda (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
- 168-modda (firibgarlik);
- 192−11-modda (nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining o‘z vakolatlarini suiiste‘mol qilishi);
- 205-modda (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste‘mol qilish);
- 206-modda (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish);
- 208-modda (hokimiyat harakatsizligi);
- 209-modda (mansab soxtakorligi);
- 301-modda (harbiy xizmatchilar tomonidan hokimiyatni suiiste‘mol qilish, hokimiyat vakolatidan chetga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi).
Qonun rasmiy e‘lon qilingan kundan e‘tiboran kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda $50 mlnlik loyihalar korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan o‘tishi haqida yozgandi.