Yirik investitsiya loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu bo‘yicha tegishli yo‘riqnoma Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Hujjatga ko‘ra, moliyaviy resurslar qiymati kamida $50 mln ekvivalentida jalb etiladigan loyihalar yirik investitsiya loyihalari hisoblanadi.
Ular iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar, xizmatlar yoki infratuzilmani yaratish, kengaytirish va modernizatsiya qilishga qaratilgan bo‘ladi.
Bunday loyihalarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish va ularning raqobat muhitiga taʼsirini baholash davlat organlari hamda tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Agar loyiha xavf darajasi yuqori deb topilsa, uning maqbulligi va amalga oshirish imkoniyati bo‘yicha salbiy xulosa beriladi.
Shuningdek, ekspertiza yoki baholash natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmasdan turib, loyihani maʼqullashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Fevral oyi boshida yirik investitsiya loyihalarini tayyorlashda korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etish tartibi belgilangandi.
Avvalroq yangi investitsiya loyihalarini tanlash uchun sun‘iy intellekt asosida platforma ishga tushirilishi haqida yozgandi.