O‘zbekistonda aksiyalar, obligatsiyalar va sukukdan olinadigan daromadlar uchun amaldagi soliq imtiyozlarini 2038-yilgacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda 12-avgust kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) boshqarma boshlig‘i Saulat Toreshov ma‘lum qildi, deb xabar berdi Kursiv Uzbekistan.
Hozirda aksiyalardan olinadigan dividendlar va obligatsiyalar bo‘yicha daromadlarga doir imtiyozlar 2028-yil oxirigacha amal qiladi. Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ularni yana 10 yilga uzaytirishni nazarda tutadi: jismoniy shaxslarni — rezidentlar va norezidentlarni — aksiyalar bo‘yicha dividendlardan olinadigan JSHODSdan to‘liq ozod qilish, yuridik shaxslar — norezidentlar uchun esa bunday dividendlardan olinadigan foyda solig‘ining 5% lik stavkasini saqlab qolish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 2038-yilgacha jismoniy va yuridik shaxslarni, shu jumladan, rezidentlar va norezidentlarni xo‘jalik jamiyatlarining obligatsiyalari (xorijiy valyutada ifodalanganlari ham) hamda sukuk qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foizlar va ijobiy kurs farqi ko‘rinishidagi daromadlardan soliqdan ozod qilish taklif etilmoqda.
ILMAning fikricha, uzoq muddatli imtiyozlar kapital bozorining institutsional va xususiy investorlar uchun jozibadorligini oshirishi hamda investitsiyaviy qarorlar qabul qilishda ko‘proq bashoratlilikni ta‘minlashi lozim.
ILMA taqdimotiga ko‘ra, fond bozoridagi investitsiyalar hajmini 2026-yilda 10 trln so‘mdan 2030-yilga borib 20 trln so‘mgacha oshirish rejalashtirilgan.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda malakali investorlar toifasi joriy etilishi haqida yozgandi.
