O‘zbekiston kapital bozoridagi investorlarni malakali va malakasiz toifalarga ajratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Spot‘ga Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotga ko‘ra, “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bilan malakali investorlar toifasi joriy etilmoqda. Unga investitsiyaviy qarorlarni qabul qilish uchun yetarli bilim, tajriba va moliyaviy resurslarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar kiritiladi. Regulyator ular uchun boshqa investorlarga taqdim etilmaydigan murakkab moliyaviy vositalarning alohida ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Kursiv O‘zbekiston nashrining ILMA maslahatchisi Sardor Qo‘shnazarovga tayanib yozishicha, investorlarning toifalarga bo‘linishi bozorga an‘anaviy aksiya va obligatsiyalarga nisbatan oddiy investor uchun baholash qiyinroq bo‘lgan valyuta yoki sekyuritizatsiyalangan obligatsiyalar kabi murakkab va tavakkalli vositalar kirib kelayotgani bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, malaka mezonlarining o‘zi qonun matnida belgilanmaydi — tartibga solishda moslashuvchanlikni saqlab qolish uchun ularni regulyator alohida qonunosti hujjati bilan aniqlaydi. Malakali investorlar to‘g‘risidagi yangi qoidalar birinchi o‘qishda ma‘qullangan “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinganidan keyingina jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Fuqarolarni baholash ikki yo‘nalishda olib borilishi rejalashtirilmoqda: birinchisi — sohaviy ma‘lumot va tajribaning mavjudligi (moliya, iqtisodiyot yoki matematika bo‘yicha bakalavr yoxud magistr diplomi, CFA sertifikati yoki brokerlik hisobvarag‘i orqali aksiya va obligatsiyalar savdosida kamida 3−5 yillik amaliy tajriba), ikkinchisi — yetarli moliyaviy mablag‘larga egalik.
Shuningdek, regulyator malakasiz bozor ishtirokchilari uchun sarmoyalarning maksimal chegarasini joriy etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Bunda malakali investor maqomini regulyatorning o‘zi emas, balki brokerlar beradi. ILMA faqat umumiy mezonlarni belgilaydi, muayyan mijozni malakali yoki malakasiz investor deb tan olish to‘g‘risidagi qaror esa investitsiya vositachilarining ixtiyorida qoladi. Qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining amaldagi malaka attestatiga ega shaxslarga maqomni avtomatik tarzda berish ham ko‘rib chiqilayotgan variantlar sirasiga kiradi.
Spot, avvalroq, kripto birjalar va do‘konlarga mijozlarni uchinchi tomon orqali identifikatsiya qilishi mumkinligi haqida yozgandi.