Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) kriptoaktivlar sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchilar uchun noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritish loyihasini e’lon qildi.

O‘zgarishlar ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirish uchun mas’ul xodimlarni tayinlash tartibiga taalluqli. Hozir ular rahbariyat tarkibidan tayinlansa, yangi tartibga ko‘ra, bu lavozimga rahbar o‘rinbosarlari tayinlanishi kerak.

Yangi kriptoaktivlar xizmatlari provayderi litsenziya olganidan keyin bir oy ichida mas’ul xodimni tayinlab, uning ma’lumotlarini regulyatorga yuborishi kerak bo‘ladi.

Kriptoaktivlar xizmatlari provayderlari rahbarlariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytiriladi. Ular noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlar rezidenti bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, ta’sischilar orasida bunday davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalar bo‘lmasligi lozim.

Provayderlar xodimlarni ishga tayinlash, tayyorlash va o‘qitishda ularning malakasi va ishchanlik obro‘siga oid mezonlarni hisobga olishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, ular mijozning faoliyati, mulkchilik va boshqaruv tuzilmasini tushunishi talab etiladi.

Mijozlarni identifikatsiya qilish va tekshirish uchun lozim darajada tekshirish (due diligence) choralari doirasida uchinchi tomon — shaxsiy ma’lumotlarning haqiqiyligini tasdiqlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tashkilot xizmatlaridan foydalanishga ruxsat beriladi.

Agar provayderga bo‘ysunuvchi yoki u bilan bog‘liq tashkilot pul yoki boshqa mol-mulk bilan operatsiyalarni amalga oshirsa, ichki nazorat qoidalari guruh yondashuvi asosida ishlab chiqiladi.

Ular quyidagilarni nazarda tutishi kerak:

  • noqonuniy daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq xavflarni boshqarish uchun axborot almashish qoidalari va tartiblarini;
  • guruh darajasida komplayens nazorati, audit va pul yuvishga qarshi kurashish funksiyalarining muvofiqligini ta’minlashni;
  • zarur hollarda filial va sho‘ba korxonalardan mijozlar, ularning hisobvaraqlari va operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarni olishni;
  • ma’lumotlarning maxfiyligi va xavfsiz foydalanilishini ta’minlashni.

Bundan tashqari, shubhali operatsiyalar haqida xabar yuborish tartibi ham aniqlashtirilmoqda. Xizmat provayderlari bunday xabarlarni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga himoyalangan kanallar orqali yuborishi kerak bo‘ladi.

Himoyalangan kanallarga ma’lumotlarni kriptografik himoyalash (shifrlash) tizimlari, himoyalangan elektron pochta manzillari hamda maxsus tizimdagi shaxsiy kabinet kiradi. Unga ulanish uchun ILMAga tashkilot va mas’ul xodim haqidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan holda so‘rov yuborish talab etiladi.

Agar mijoz terrorizmda ishtirok etayotgan yoki gumon qilinayotgan shaxslar ro‘yxatida bo‘lgani sababli operatsiya to‘xtatilsa yoki aktivlari muzlatilsa, mas’ul xodim bu haqda mijozni imkon qadar qisqa muddatda xabardor qilishi va operatsiyani qayta tiklash tartibini tushuntirishi kerak bo‘ladi.

O‘zgartirishlar loyihasi 22-avgustgacha muhokama qilinadi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda steyblkoinlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi tasdiqlangani haqida yozgandi.