Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Markaziy bank Barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi.

Hujjat barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus rejimini taqdim etish, maxsus rejim ishtirokchilarini ro‘yxatga olish, ularning faoliyati ustidan monitoringni amalga oshirish, maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish hamda uning ishtirokchilari reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.

Maxsus rejimning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilanmoqda:

  • ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida to‘lov tizimlarini yaratish va (yoki) barqaror tokenlarni chiqarish hamda ular bilan operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek ulardan to‘lov vositasi sifatida foydalanish uchun qulay sharoit yaratish;
  • investitsiyalarni jalb qilish va bozorda raqobatni oshirish;
  • innovatsion to‘lov yechimlarini joriy etishga ko‘maklashish;
  • iste’molchilar va investorlarning huquqlari hamda manfaatlarini himoya qilish;
  • tajriba-sinov loyihalari natijalari asosida qonunchilikni takomillashtirish.

Maxsus rejim doirasida tajriba-sinov tarzida milliy yoki xorijiy valyuta bilan ta’minlangan steyblkoinlarni chiqarish, xalqaro o‘tkazmalar (hisob-kitoblarni) da barqaror ulardan foydalanish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi mumkin.

Shu bilan birga, O‘zbekiston hududida barqaror tokenlarni to‘lov vositasi sifatida qo‘llash va ma’lumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida to‘lov tizimlarini yaratish ko‘zda tutilishi mumkin.

Maxsus rejim doirasida algoritmik, anonimlik xususiyatiga ega hamda kripto-aktivlar bilan ta’minlangan steyblkoinlarni chiqarish taqiqlanadi.

Ular faqat so‘m va (yoki) xorijiy valyutadagi pul mablag‘lari bilan to‘liq ta’minlangan holda chiqariladi. Mablag‘lar Markaziy bankdagi alohida hisobvaraqda zaxiraga qo‘yilishi lozim.

Shuningdek, axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qat’iy talablar joriy etilgan. Jumladan, maxsus rejim ishtirokchilari axborot xavfsizligi tizimlarini joriy etishi, mas’ul shaxs tayinlashi, ichki tartib-qoidalarni tasdiqlashi va emitent ekotizimining barqaror ishlashini ta’minlashi shart.

Maxsus rejim ishtirokchilari vakolatli organ — ILMA tomonidan ro‘yxatga olinadi. Ayrim masalalar, jumladan moliyaviy barqarorlik, kiberxavfsizlik va barqaror tokenlar chiqarish hajmiga oid masalalar Markaziy bank bilan majburiy tartibda kelishiladi.

Tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish muddati dastlab 12 oy etib belgilanadi va zarur hollarda uzaytirilishi mumkin. Bunda umumiy muddat 3 yildan oshmasligi kerak. Maxsus rejim ishtirokchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ochiq axborot resursi hisoblangan reyestrga kiritilib, ILMA saytida joylashtiriladi.

“Nizom barqaror tokenlardan to‘lov vositasi sifatida foydalanishni nazorat qilinadigan muhitda aprobatsiya qilish hamda ular asosida innovatsion to‘lov instrumentlarini yaratish uchun huquqiy asosni shakllantiradi, shu bilan birga moliyaviy barqarorlikka oid xavflarni minimallashtirishni ta’minlaydi”, — deyiladi agentlik xabarida.

O‘zbekistonda steyblkoinlar

2025-yilning sentabr oyida ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak prezident hisob-kitoblarda steyblkoinlarni qo‘llash va qimmatli qog‘ozlarni tokenlashtirishni sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berganini bildirdi.

Undan keyin Markaziy bank raisi Timur Ishmetov steyblkoinlar tartibga solish qumdoni doirasida pilot loyiha sifatida sinovdan o‘tkazilishini ma’lum qildi. Shuningdek, regulyator o‘z raqamli valyutasini chiqarishni ham ko‘rib chiqmoqda.

Noyabr oyida qabul qilingan prezident qarori bilan 2026-yildan to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etilishi belgilandi.

Avvalroq Spot Toshkentda 6,7 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar aylanmasini amalga oshirgan shaxs ushlangani haqida yozgan edi.