Xitoyning Xiaomi kompaniyasi fayllarni tezkor uzatish uchun Apple’ning firma protokolini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qildi. Tegishli xabar X ijtimoiy tarmog‘idagi HyperOS akkauntida paydo bo‘ldi.

Endi Xiaomi qurilmalari foydalanuvchilari Quick Share menyusi orqali Apple qurilmalariga surat va boshqa fayllarni yuborishi mumkin.

Avvalroq, boshqa ayrim Android-smartfon ishlab chiqaruvchilari ham shunga o‘xshash funksiyani joriy etgan edi.

Ayni paytda kompaniya bu funksiya aynan qaysi modellarda ishlashiga aniqlik kiritmadi, faqatgina Xiaomi 17T Pro haqida ma’lum, xolos.

Katta ehtimol bilan, AirDrop’ni qo‘llab-quvvatlash uchun HyperOS proshivkasini yangilash talab etiladi.

Ta’kidlanishicha, boshqa ishlab chiqaruvchilar ham bu imkoniyatni aynan tizim yangilanishlari orqali taqdim etgan.

Agar Xiaomi ham shu yo‘ldan borsa, funksiyaning barcha qurilmalarga tarqalishiga biroz vaqt ketishi mumkin.

Mexanizm quyidagicha ishlaydi: Xiaomi smartfonida biror faylni ulashishga uringanda, Quick Share menyusida yaqin atrofdagi Apple qurilmasi paydo bo‘lishi kerak. Qabul qiluvchi tanlangach, ma’lumotlar AirDrop protokoli orqali uzatiladi.

Xiaomi Apple’ning xususiy protokoli bilan moslik tashabbusiga qo‘shilgan navbatdagi ishlab chiqaruvchi bo‘ldi. Avvalroq Android va iPhone smartfonlari o‘rtasida AirDrop xizmati ishga tushgandi.


Avvalroq Xiaomi o‘z zavodlarida odamlarni robotlar bilan almashtirishi haqida xabar berilgandi.

Kompaniya rahbari Ley Junning ma’lum qilishicha, taxminan besh yildan keyin zavodlarda odamsimon robotlar joriy etila boshlaydi.