Navoiyazotdagi klasterda qiymati $1 mlrdlik kimyo loyihalari amalga oshiriladi. Bu haqda 2-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev raisligidagi kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
So‘nggi yillarda kimyo sanoatiga $8,3 mlrd investitsiya jalb qilinib, 87 ta yirik loyiha ishga tushirildi. Natijada PVX, “yashil” vodorod, ko‘pikli polipropilen va BOPP plyonka kabi 60 dan ortiq yangi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa iqtisodiyot tarmoqlarida minglab yangi mahsulotlar ishlab chiqarish uchun xomashyo bazasini yaratdi. Soha eksporti 3 barobarga oshib, ishchilar soni 50 mingdan ortdi.
So‘nggi to‘qqiz yilda sanoat o‘rtacha 6,3% ga o‘sgan bo‘lsa, kimyodagi o‘sish 3% ga ham yetmagan. Ayni paytda kimyo mahsulotlari importi yiliga $4,5 mlrdga yetgan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa ichki talabning 60%ini ham qoplay olmayapti, kimyo sanoatida bitta ishchiga to‘g‘ri keladigan qo‘shilgan qiymat boshqa davlatlardan 2−3 karra kam.
O‘zkimyosanoat asosan o‘z tizimidagi yirik korxonalar bilan bandligi, sohada 5 mingdan ortiq korxona bilan tizimli ishlash, ularning muammo va takliflarini eshitish jarayoni sustligi tanqid qilindi. Shu bois, davlat rahbari soha vakillari bilan uchrashib, mavjud masalalarni muhokama qilishga qaror qilganini aytdi.
Mamlakatda yiliga 1,5 mln tonna ammiakli selitra ishlab chiqarilib, bunga 1,70 mlrd kub metr gaz sarflanyapti. Ilg‘or davlatlar esa selitra iste’molini kamaytirib, qishloq xo‘jaligida karbamid va suvda eruvchan o‘g‘it, tog‘-kon sanoatida g‘ovaksimon selitra ishlatishga o‘tmoqda.
Ammiakli selitra bilan tannarxi bir xil bo‘lgan g‘ovaksimon selitrada qo‘shilgan qiymat 2 karra ko‘p ekani aytildi. Mutasaddilar, kimyo korxonalari rahbarlari mana shunday loyihalarni ko‘paytirishni o‘ylashi kerakligi qayd etildi.
Yoki Navoiyazotda chiqadigan 1 tonna sian tuzining narxi $3 700 bo‘lsa, undan yelim olinsa, qiymati $8 minggacha oshishi ta’kidlandi. Mas’ullarga kompaniya yonidagi klasterda $1 mlrdlik 10 ta kam tonnali kimyo loyihalarini boshlash topshirildi.
Prezident geologiyadagi mavjud zaxiralarni chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish imkoniyatlari katta ekanini ta’kidladi. Masalan, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Qashqadaryo va Navoiyda 550 mln tonna natriy va kaliy, 20 mln tonna bentonit zaxiralari bor. Bu xomashyo qayta ishlanib, kaustik soda ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymat 3 barobar oshadi.
Shuningdek, Jizzaxda 1,5 mln tonna, Qoraqalpog‘istonda 500 ming tonna serpentinit zaxirasi aniqlangan. Bunga sulfat kislotasi bilan ishlov berilsa, tonnasi $5 minggacha chiqadigan magniy oksidi olish mumkin.
Serpentinit yanada chuqurroq qayta ishlansa, nikel, xrom va kobalt olish mumkinligi, bu esa elektrotexnika sanoati uchun juda muhim xomashyo ekanligi qayd etildi.
Mutasaddilarga fosforit, galit, mirabilit, serpentinit kabi kimyo uchun zarur xomashyo zaxirasini 2 karra oshirish bo‘yicha uch yillik dastur qilib, ishlarni boshlash topshirildi. Serpentinit xomashyosini qayta ishlash bo‘yicha kamida $200 mlnlik loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Chirchiqdagi $15,2 mlnlik polimer ishlab chiqarish korxonasini borib ko‘rgani haqida yozgan edi.