Shavkat Mirziyoyev Chirchiq kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan Kmita Polymers korxonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiyaning Polymers kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur loyiha maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

6 670 kvadrat metr maydonni egallagan korxonada Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari asosida keng assortimentdagi polimer va termoqisqaruvchi plyonka mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

Uning ishga tushirilishi natijasida $9,5 mlnlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishi ta‘minlanmoqda.

Loyiha ikki bosqichli kengaytirish dasturi asosida amalga oshirilmoqda. Investitsiyalarning umumiy qiymati $15,2 mlnni tashkil etadi. Uning birinchi bosqichida $7,4 mln investitsiya o‘zlashtirildi.

Loyiha doirasida 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari soni yana-da ko‘payishi kutilmoqda.

2025-yilda bu yerda 115 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Shu bilan birga, $6 mlnlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilindi.

Korxona ishlab chiqarayotgan polimer mahsulotlar Coca-Cola, Pepsi, Flash, Chernogolovka, Ackerman, Asl Oyna, Biolife va Family Group kabi yirik brendlarning qadoqlash tizimlarida mahalliy xomashyo sifatida qo‘llanilmoqda.

Qadoqlash industriyasi zamonaviy sanoatning eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri ekani ta‘kidlandi. Chunki mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib borgan sari uni xavfsiz saqlash, tashish va bozorga yetkazib berish talablari ham kuchayayotgani qayd etildi.

Shu ma‘noda, bunday korxonalar sonining ko‘payishi nafaqat bir tarmoqning rivojlanishiga, balki oziq-ovqat sanoati, qurilish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning barqaror ishlashiga ham xizmat qilishi aytib o‘tildi.

Spot, avvalroq, Toshkentda JAC Motors zavodi ochilgani haqida yozgandi.