Yangi Avlod maxsus sanoat zonasida JAC Motors Toshkent avtomobil zavodi ish boshladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ochilish marosimida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov ishtirok etib, loyiha poytaxt sanoat salohiyatini oshirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbir doirasida O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi boshlangan brendning ilk modeli — JAC M3 avtomobilini yig‘ish liniyasi rasman ishga tushirildi.

Zavod ichki yonuv dvigatelli, gibrid avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishga qaratilgan. Loyiha qiymati $135 mlnni tashkil etadi hamda u umumiy 30 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Xususan, birinchi bosqichda $35 mln investitsiya o‘zlashtirilib, yillik 10 ming dona avtomobil ishlab chiqarish quvvatiga ega SKD zavodi ishga tushirildi hamda 100 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ikkinchi bosqichda esa to‘liq ishlab chiqarish sikliga ega CKD zavodini barpo etish, yillik quvvatni 30 ming donaga yetkazish va qariyb 1000 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Kelgusida Toshkentda JAC M4, Sunray, JS8, RF8, T8 va T9 modellarini ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

“Mazkur loyiha poytaxtda yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirish, avtomobil bozorida raqobatni kuchaytirish, aholiga sifatli va hamyonbop transport vositalarini taqdim etish hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

JAC Motors Toshkent korxonasi Xitoyning JAC Motors kompaniyasi hamda Toshkent invest kompaniyasi hamkorligida qo‘shma korxona shaklida tashkil etildi. Zavod ishga tushishi joriy yilning mart oyida ma’lum qilingandi.

Avvalroq Spot Toshkentda 912 marta qoida buzgan Matiz jarima maydonchasiga qo‘yilgani haqida yozgan edi.