Toshkentda Matiz haydovchisi yo‘l harakati qoidalarini muntazam buzib kelgani uchun 311 mln so‘mdan ortiq qarzdorlik yuzaga keldi. poytaxt MIB bosh boshqarmasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, haydovchiga tegishli avtomashina bilan 2024-yil aprelidan buyon 912 ta maʼmuriy jarima rasmiylashtirilgan.
Jarimalarning aksariyati o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli umumiy qarzdorlik 311 mln so‘mdan oshgan.
Qidiruvga berilgan avtomashina tezkor tadbirlar davomida aniqlanib, 15-may kuni jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Ijro hujjatlari Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan chiqarilgan maʼmuriy qarorlar asosida qo‘zg‘atilgan.
May oyi boshida O‘zbekistonda 12 jarima balli yig‘gan haydovchilar soni 49 nafarga yetgandi. Umumiy 132 ta haydovchi 8 balldan yuqori ball olgan edi.
Spot, avvalroq, Toshkentda endi noto‘g‘ri “parkovka” qilingan avtomobillar jarima maydoniga olib ketilishi haqida yozgandi.