Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muloqotda sudlar faoliyatini 2030-yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan Odil sudlov — 2030 strategiyasi loyihasi taqdimot qilindi.

Strategiya aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan.

Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish bo‘yicha 2026−2028-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.

Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi.

Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.

Kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi ko‘proq tushadigan sudlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar ekanligini inobatga olib, ularni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida 2030-yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish “yagona darcha” tamoyili asosida taʼminlanadi.

Sudga berilgan ariza boshqa sudga tegishli bo‘lsa, u fuqaroga qaytarilmaydi, sudning o‘zi uni tegishli sudga yuboradi. Arizada juzʼiy kamchilik aniqlangan taqdirda sud uni bartaraf etishda fuqaroga faol ko‘maklashadi.

Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun “iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish” standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yadi.

Inson erki — oliy qadriyat ekanligidan kelib chiqib, tergov, surishtiruv bosqichida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish uchun “asosli gumon” (prima facie) standarti joriy etiladi. Tergov sudyasi sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirish va zarur qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa shaxsning erkinligi asossiz cheklanishining oldini oladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda korrupsionerlar reyestri joriy etilishi haqida yozgandi.