Avvalroq prezident sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda yagona sud amaliyotini taʼminlash maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq Pretsedentlar reyestri yuritili taʼkidlandi.

Sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun 2028-yildan sud maʼmurchiligi instituti joriy etiladi.

Raqamli sud konsepsiyasi barcha sudlarda to‘laqonli ishga tushirilib, my.sud.uz portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi.

Sudlarga murojaatlarning kamida 50% ini elektron shaklda berish, sud majlislarining 100% ini audioyozuv orqali qayd etish va Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilarining sonini kamida 5 baravar oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan maʼmuriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritishni qamrab olish, xalq vakillari hayʼati ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari sonini kamida 3 taga yetkazish maqsad qilingan.

Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi namunasi ham ko‘rib chiqildi. Bu fuqarolarga sud xodimlarini oson tanib olish, ularning kasbiy masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuvda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yana-da takomillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sud mustaqilligini mustahkamlash hamda tizimdagi kadrlarning xorijda malakasini oshirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari strategiya loyihasini maʼqullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.

Spot, avvalroq, sudya va ularning oila a‘zolari mol-mulki deklaratsiya qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.