O‘zbekiston va Turkmaniston to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

13-avgust kuni transport-logistika sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Toshkentdagi Turkmaniston elchisi Shodurdi Meredov bilan muzokara o‘tkazdi. Delegatsiyaga Transport va logistika rivojlanishi muammolarini o‘rganish markazi direktori Bekzod Xolmatov boshchilik qildi.

Uchrashuvda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston xalqaro avtomobil tashuvchilari uyushmasi vakillari hamda transport-ekspeditorlik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri avtomobil transportida tashuvlarni soddalashtirish bo‘ldi.

Tomonlar haydovchilar uchun vizalarni elektron rasmiylashtirish, to‘lovlarni optimallashtirish hamda “Farob — Olot” chegara o‘tkazish punktidagi tartib-taomillarni takomillashtirish masalalarini muhokama qildi.

Shuningdek, chegaradagi navbatlar va kutish vaqtini qisqartirish masalasi ko‘rib chiqildi. Tez buziladigan mahsulotlar uchun alohida yo‘lak tashkil etish hamda neytral hududda qo‘shimcha ko‘prik qurishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, Turkmanboshi porti orqali avtomobil va temiryo‘l tashuvlarini jadallashtirish hamda transport vositalariga qo‘yilgan vazn va gabarit cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish masalalari muhokama qilindi.

Yana bir ustuvor masala — O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash bo‘ldi.

Turkmaniston tomoni takliflarni ko‘rib chiqishga va ularni tegishli davlat organlariga yetkazishga tayyorligini bildirdi. Uchrashuv yakunida tomonlar transport-logistika aloqalarini rivojlantirish maqsadida hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.


2017-yil yozida Turkmenistan aviakompaniyasi yil oxirigacha Ashxobod — Toshkent — Ashxobod yo‘nalishida parvozlarni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgandi. O‘sha paytda Uzbekistan Airways va Turkmaniston aviakompaniyasi Toshkent xalqaro aeroportida samolyotlarga xizmat ko‘rsatish hamda bort ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha shartnomalar imzolagan.

2021-yilda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Turkmaniston bosh vazirining o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyev ikki davlat transport vazirliklari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasini ishlab chiqishiga kelishib olgan.

2025-yil avgustida Transport vaziri Ilhom Mahkamov va Turkmenhovaýollary rahbari Dovran Saburov fuqarolik aviatsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha protokol imzolagan. O‘zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlari uchrashuvi yakunida Mahkamov to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qilgan.