Avvalroq Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida yuz bergan avariya oqibatida Surxondaryo va O‘zbekistonning boshqa ayrim viloyatlarida elektr ta‘minotida uzilishlar kuzatilgani haqida xabar berilgandi.
Energetika vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, soat 14:38 da yuz bergan avariya O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarning elektr ta‘minotiga ta‘sir ko‘rsatgan.
Vazirlik qayd etishicha, yirik energetika tizimlaridagi bunday avariyalar ishlab chiqarish va iste‘mol o‘rtasidagi muvozanat buzilishi hamda elektr chastotasi pasayishiga olib kelishi mumkin.
Zarur choralar o‘z vaqtida ko‘rilmasa, avariya boshqa hududlarga tarqalib, keng ko‘lamli uzilishlar yoki blekautga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari podstansiyalaridagi avariyaga qarshi avtomatika tizimlarining o‘z vaqtida ishlashi avariyaning respublika energotizimida kengayib ketishining oldini olgan.
Shuningdek, qisqa vaqt ichida yo‘qolgan quvvatni qoplashda energiya saqlash tizimlaridagi (BESS) zaxira energiyani tarmoqqa tezkor uzatish muhim rol o‘ynagan. Bu quvvat muvozanatini tiklash va chastotaning keskin pasayishining oldini olishga xizmat qilgan.
Surxondaryo viloyati asosan ikkita 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i orqali elektr energiyasi bilan ta‘minlanadi. Ulardan biri qo‘shni davlat, ikkinchisi esa Qashqadaryo viloyati hududi orqali elektr energiyasini yetkazib beradi.
Avariya vaqtida mazkur tarmoqlardan biri rejali ta‘mirda bo‘lgan. Shu sababli qo‘shni davlat tomondan elektr energiyasi keladigan tarmoqdagi uzilish viloyat elektr ta‘minotini qisqa vaqt ichida to‘liq tiklash imkonini cheklagan.
Tezkor choralar natijasida rejali ta‘mirda bo‘lgan 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i xavfsizlik talablariga muvofiq ishga tayyor holatga keltirilib, qayta ishga tushirilgan.
Natijada Surxondaryo viloyatida elektr ta‘minoti bosqichma-bosqich to‘liq tiklandi.
Spot, avvalroq, Aksa Elektrik investitsiya kiritish sharti bilan Samarqand elektr tarmoqlarini boshqaruvga olishi haqida yozgandi.