Andijon suv ta’minotining Jalaquduq tumani filiali boshlig‘i tezkor tadbir davomida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda filial boshlig‘i K.T. fuqaro B.A.ning “Tuyalas” MFYdagi xonadoniga kanalizatsiya tarmog‘ini o‘rnatish uchun texnik shart rasmiylashtirib berish evaziga $8,5 ming talab qilgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davomida K.T.ning topshirig‘iga ko‘ra ushbu pullarni fuqaro M.Sh. olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Avvalroq Spot Toshkentda ikki nafar soliq inspektori $5 ming pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgandi.

Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasi inspektorlari tadbirkorga Chilonzor buyum bozoridan do‘konlarni ijaraga olishda yordam berish evaziga pul talab qilgan.