Toshkent shahrida ikki nafar soliq inspektoriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Call-markazga kelib tushgan murojaat asosida DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Xususan, Yunusobod tumani Soliq inspeksiyasining 2 nafar inspektori o‘zaro til biriktirgan holda, xizmat mavqeidan foydalanib, tadbirkorga Chilonzor buyum bozori kompleksi’dan 3 ta savdo do‘konini ijaraga olishda yordam berishni va’da qilishgan.



Ular o‘zlarining tanishlari orqali tadbirkorga tegishli korxonani ochiq savdo tenderida g‘olib bo‘lishini ta’minlash va do‘konlarni ijaraga olish bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirib berish evaziga $5 ming talab qilishgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida soliqchilar so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning yanvar oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident sohadagi korrupsiya va kamchiliklar uchun Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Yunusjon Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlashni topshirgandi. U bu lavozimda 2021-yilning noyabr oyidan buyon ishlab kelayotgandi. Nasimdjanov o‘rniga Jaxongir Mirpulatov boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.
Undan keyin O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanida soliq inspeksiyalari rahbarlari almashdi. Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Pulatovning buyrug‘i bilan tayinlangan yangi rahbarlar orasida to‘rt nafar ayol ham bor.
May oyida Toshkentda soliq xodimi tadbirkordan 4 mln so‘m olayotganda ushlangan edi. U savdo cheki berilmagani bo‘yicha ishni sudga yubormaslik evaziga pul talab qilgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda $50 mlnlik loyihalar korrupsiyaga qarshi tekshiruvdan o‘tishi haqida yozgan edi.


