Janubiy Koreyaning SaferZone kompaniyasi O‘zbekistonda mahalliy yuridik shaxs va Toshkentda data-markaz tashkil etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda IT Park Uzbekistan matbuot xizmati xabar berdi.

ICT Week Uzbekistan-2026 doirasida IT Park Uzbekistan raqamlashtirish bo‘yicha direktori Farrux Rasulev SaferZone asoschisi va bosh direktori Kwon Chang-hoon bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonda kiberxavfsizlik va data-markaz infratuzilmasini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan va SaferZone o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Keyingi bosqichda tomonlar O‘zbekistonda mahalliy kompaniya hamda data-markaz tashkil etish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Data-markaz IT Park rezidentlari va boshqa kompaniyalarga colocation xizmatlari, bulutli va hisoblash infratuzilmasi hamda kiberxavfsizlik yechimlarini taklif qilishi mumkin. Kelgusida mazkur xizmatlarni Markaziy Osiyodagi mijozlarga ham taqdim etish ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, SaferZone O‘zbekiston bozori talablari va standartlariga mos IT-yechimlarni ishlab chiqish, ularni sertifikatlash hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan yechimlar kelgusida Markaziy Osiyo, Sharqiy Yevropa va Afrika bozorlariga chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Spot, avvalroq, ICT Week’da qanday loyihalar namoyish etilgani haqida yozgandi.


Maʼlumot uchun, 2001-yilda tashkil etilgan SaferZone axborot xavfsizligi sohasida faoliyat yuritadi. Uning SaferZone All-in-One platformasi ma‘lumotlar sizib chiqishining oldini olish, ransomware va antivirus himoyasi, tarmoq va elektron pochta xavfsizligi hamda ma‘lumotlarni shifrlash yechimlarini birlashtiradi.

Kompaniya mijozlari orasida Korea Telecom, LG, Samsung va Hyundai-Kia Group bor.