2-sentabr — yangi o‘quv yilining ilk kunida Toshkent ko‘chalaridagi transport oqimi 24-avgustdagi odatiy ish kuniga nisbatan 30% ga oshdi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Yuklamaga qaramay, shahardagi umumiy tirbandlik darajasi 6 ball atrofida saqlanib qoldi. Ayrim uchastkalarda harakat tezligi pasaygan bo‘lsa-da, tirbandliklarning keskin ortishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Bunga transport oqimini doimiy monitoring qilish, svetoforlarni tezkor sozlash va muhim chorrahalardagi harakatni muvofiqlashtirish orqali erishilgan.
Toshkent shahridagi YHTEM huzuridagi Vaziyatlar markazi poytaxtdagi muhim tartibga solinadigan chorrahalarni markazlashgan tarzda kuzatib bormoqda. Mutaxassislar real vaqt rejimida yo‘l holati, svetoforlar ishlashi, avtomobillar navbati va jamoat transporti harakatini tahlil qiladi.
Tirbandlik yuzaga kelganda transport oqimining intensivligi va qo‘shni ko‘chalardagi vaziyat baholanib, zaruratga qarab svetoforning yashil chirog‘i davomiyligi uzaytiriladi, fazalar qayta sozlanadi yoki qo‘shni chorrahalar o‘zaro muvofiqlashtiriladi.
Agar tirbandlikka YTH, buzilgan avtomobil, yo‘l tasmasining yopilishi yoki boshqa sabablar ta’sir qilsa, ma’lumot Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlariga yetkazilib, joyida tegishli choralar ko‘riladi.
Markazdagi ishchi guruh tarkibiga YHTEM, Toshkent shahar Transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi, IIBB YHXB, jamoat transporti dispetcherlik xizmatlari, muhandislik va transport modellashtirish mutaxassislari kiradi.
Yaqin kunlarda ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni to‘liq yo‘lga qo‘yilishi bilan transport yuklamasi yana oshishi mumkin. Shu sababli monitoring kuchaytirilgan tartibda davom ettiriladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni 5 mlnga yaqinlashgani haqida yozgan edi.