Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2026-yilning iyun oyida o‘tkazilgan yig‘ilishlar (jami 7 marta) davomida 34 ta masala ko‘rib chiqildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida jami 22 ta masala ko‘rib chiqildi.

Xususan, qo‘mita 6 ta kredit tashkiloti ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, 3 taauditorlik malaka sertifikatini taqdim etish hamda 4 ta mikromoliya tashkilotini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish va to‘lov tashkilotiga litsenziya berish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, 5 ta kredit tashkiloti ustav fondidagi ulushga egalik qilish uchun ruxsat berish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, 4 ta tijorat banki kuzatuv kengashi va boshqaruvi a‘zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlari ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala ko‘rib chiqildi.

Xususan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me‘yorlari talablariga rioya etilishi, bank va nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda taqsimlanmagan foydani taqsimlash masalalari muhokama qilindi.

Prudensial normativ talablariga rioya etilmaganligi hamda o‘z faoliyatini qonunchilik hujjatlari talablariga belgilangan tartibda muvofiqlashtirmaganligi uchun 23 ta bank chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.

Qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritmaganligi, shuningdek inspeksiya tekshiruvlari va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar uchun 21 ta bank, 1 ta mikromoliya tashkilotiga va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Spot, avvalroq, Raqobat qo‘mitasi 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkilotiga reklama qonunchiligi talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalar qo‘llagani haqida yozgandi.