Raqobat qo‘mitasi 20 dan ortiq bank va mikromoliya tashkilotiga reklama qonunchiligi talablarini buzganlik uchun moliyaviy jarimalar qo‘lladi.

O‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, OAV, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilarni chalg‘ituvchi yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan reklamalar hali ham uchrayotgani aniqlandi. Bunday qoidabuzarliklarning asosiy qismi moliyaviy xizmatlar reklamasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘rganishlar davomida ayrim reklamalarda omonatlar va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari, amal qilish muddati, minimal talablar, qo‘shimcha to‘lovlar, mikroqarz shartlari, vositachilik yoki sug‘urta to‘lovlari kabi muhim ma’lumotlar umuman keltirilmagani yoki juda qisqa, noaniq va iste’molchi uchun tushunarsiz tarzda berilgani aniqlangan.

Shuningdek, ayrim reklamalarda ikki ma’noli iboralar qo‘llanishi, xizmat shartlarining bo‘rttirib ko‘rsatilishi hamda boshqa tashkilotlar nomi va tovar belgilariga oid kalit so‘zlardan foydalanish orqali iste’molchilarni chalg‘itish holatlari kuzatilgan.

“Bu esa iste’molchilarning tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida to‘g‘ri, to‘liq va ishonchli ma’lumot olish huquqlari buzilishiga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

Raqobat qo‘mitasi moliyaviy xizmatlar reklamalarida ma’lumotlar aniq, to‘liq va iste’molchilar uchun oson o‘qiladigan shaklda taqdim etilishi, muhim shartlar mayda shrift yoki yashirin matnda berilmasligi lozimligini eslatdi. Qo‘mita bunday qoidabuzarliklar aniqlansa, qonunchilikka muvofiq moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot Biznes-ombudsman Toshkentdagi uylar tomidan reklamalarni demontaj qilishga qarshi chiqqani haqida yozgan edi. Nizo poytaxt hokimligi avval berilgan ruxsatnomalar asosida o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarini demontaj qilishni talab qilganidan so‘ng yuzaga kelgan.