Biznes-ombudsman Toshkentda binolar tomiga o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha tadbirkorlarga yuborilgan talabnomalar yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, bu masala vakil tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.
Avvalroq Kun.uz nashri poytaxt dizayn-kodi kuchga kirgach, shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ko‘p qavatli uylar tomidagi reklama konstruksiyalarini 10 kun ichida demontaj qilishni talab qilayotgani haqida yozgan edi.
Single Media Group o‘z murojaatida 2025-yilda departamentdan uylar tomiga reklama konstruksiyalarini o‘rnatish uchun 2030 va 2034-yilgacha amal qiluvchi ikkita reklama pasportini olganini, biroq 2026-yil may oyida kompaniyaga poytaxt dizayn-kodi kuchga kirgani sabab ushbu konstruksiyalarni demontaj qilish talabi yuborilganini ma’lum qilgan.
Kompaniyaga ko‘ra, reklama joylari uchun davlatga jami qariyb 340 mln so‘m to‘langan. Tadbirkor reklama pasportlari amal qilish muddatiga ishonib investitsiya kiritganini, yangi dizayn-kod esa avval berilgan huquqlarni muddatidan oldin bekor qilayotganini ta’kidlamoqda.
Biznes-ombudsman “Reklama to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq reklama joyi pasporti yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydigan hujjat ekanligini eslatdi.
“Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunga ko‘ra, ma’muriy organlarga manfaatdor shaxslarga majburiyatlar orqali qiyinchilik tug‘dirish, faqat rasmiy qoidalar va talablarga rioya etilishi maqsadidagina ularga huquqlar berishni rad etish yoki ularning huquqlarini boshqacha tarzda cheklash taqiqlanadi.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida"gi qonun esa normativ hujjatlar orqaga qaytish kuchiga ega emasligi va ular amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan Biznes-ombudsman devoni Toshkent shahar hokimligiga reklama pasportlari amalda bo‘lgan tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda qarorlar qabul qilishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan xulosa kiritganini ma’lum qildi.
Tadbirkorlar vakili, shuningdek, ushbu jarayonda biznesning mulkiy huquqlari yoki qonuniy manfaatlari buzilsa, ularning huquqlarini, jumladan sudlarda ham himoya qilishini bildirdi.
Avvalroq Spot Toshkentning Taras Shevchenko ko‘chasida gastronomik ko‘cha tashkil etishning 3-bosqichi boshlangani haqida yozgan edi.