O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari avgust oyida ham o‘sishda davom etdi, deya xabar bermoqda Markaziy bank.
1-sentabr holatiga ko‘ra, respublikaning jami oltin-valyuta zaxiralari hajmi $72,13 mlrdni tashkil etdi — bu fevral oyidan buyon eng yuqori darajadir. Ko‘rsatkich bir oyda $7,78 mlrdga (+12,1%) o‘sgan, bunda asosiy o‘sish oltin zaxirasining qimmatlashishi va fizik hajmining ortishi hisobidan ta‘minlandi.
Markaziy bank omborlaridagi oltinning qiymati $8,8 mlrdga (+15,69%) oshib, $64,92 mlrdga yetdi. Shu bilan birga, uning fizik hajmi bir oy avvalgi 13,85 mln unsiyadan 14,11 mln troya unsiyagacha (taxminan 438,8 tonna) ko‘paydi.
Agar avgust oyi boshida oltinning bir troya unsiyasi $400 atrofida sotilgan bo‘lsa, oyning birinchi yarmida kotirovkalar jadal o‘sa boshladi. 5-avgustdan so‘ng qimmatbaho metall narxi eng yuqori cho‘qqiga chiqib, bir unsiya uchun $4,7 mingga yaqinlashdi. Oy oxiriga kelib bozorda mo‘tadil korreksiya yuz berdi va natijada narx bir unsiya uchun $4450 atrofida mustahkamlandi.
Avgust oyi yakunlariga ko‘ra, zaxiralarning valyuta qismi $6,64 mlrdni tashkil qildi — bu o‘tgan oyga nisbatan $1,01 mlrdga (-13,29%) kam. Boshqa banklardagi hisobvaraqlarda saqlanayotgan naqd valyuta va depozitlar hajmi 17,3% ga qisqarib, $4,87 mlrdni tashkil etdi. Bunga boshqa mamlakatlarning markaziy banklari va Xalqaro valyuta jamg‘armasidagi (XVJ) $1,09 mlrd (-10,56%), shuningdek, xorijiy tijorat banklaridagi $3,77 mlrd (-19,1%) kiradi.
O‘z navbatida, Markaziy bank balansidagi xorijiy qimmatli qog‘ozlar hajmi deyarli o‘zgarmadi va avgust oyi oxirida $1,76 mlrdni (+0,2%) tashkil etdi. Biroq, jami aktivlar hajmining o‘sishi fonida ularning umumiy zaxiralardagi ulushi bir oy avvalgi 2,74% dan 2,45% gacha pasaydi.
Spot, avvalroq, Markaziy bank Mustaqillikning 35 yilligiga oltin va kumush tangalarni chiqargani haqida yozgandi.