Markaziy bank O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik tangalarini muomalaga chiqardi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Uchta tangadan iborat kolleksiyada O‘zbekistonning 35 yillik mustaqillik tarixi aks ettirilgan. Tangalarda O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlari timsollari tasvirlangan.
Oltin tangalar 999,9 asillik darajasiga ega bo‘lib, har birining vazni 31,1 grammni tashkil etadi. Nominal qiymati — 100 ming so‘m.
Dastlabki cheklangan tiraj 450 ta oltin va 800 ta kumush tangadan iborat.



Esdalik tangalari 28-avgustdan boshlab tijorat banklari va ularning filiallarida sotuvga chiqarildi. Ularni uch donalik kolleksiya to‘plamida yoki alohida holda xarid qilish mumkin.
Tangalar narxi va ularning banklardagi mavjudligi haqidagi yangilangan ma‘lumotlar Markaziy bank saytida har kuni e‘lon qilib boriladi.
Tangalarning dizayni haqida
Uchta tangadan iborat kolleksiya O‘zbekistonning milliy davlatchiligi, tarixiy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy taraqqiyotini yagona badiiy konsepsiyada aks ettiradi.
Birinchi tangada Mustaqillik monumenti va uning ortidan taralayotgan quyosh nurlari tasvirlangan. Tanganing reversida O‘zbekiston davlat bayrog‘i hamda uning qabul qilingan sanasi — 1991-yil 18-noyabr aks ettirilgan.



Ikkinchi tanga O‘zbekistonning tarixiy va ma‘naviy merosiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning aversida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasvirlangan. Reversida davlat gerbi va uning qabul qilingan sanasi — 1992-yil 2-iyul aks ettirilgan.
Uchinchi tanganing asosiy kompozitsion elementi 35 raqamidan iborat. Uning reversida O‘zbekiston davlat madhiyasidan “Olamni mahliyo aylagan diyor!” satri hamda madhiya qabul qilingan sana — 1992-yil 10-dekabr aks ettirilgan. Tanga dizaynida milliy do‘ppi naqshlaridan ham foydalanilgan.
Spot, avvalroq, bir guruh tadbirkorlar O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangani haqida yozgandi.





