O‘zbekistonda birinchi pulli avtomobil yo‘li — uzunligi 35 kmni tashkil etuvchi to‘rt tasmali Urganch-Xiva trassasi ochildi. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi. Yo‘l Urganch aeroportini Xiva bilan bog‘lab, shaharlar o‘rtasidagi qatnov vaqtini 45−50 daqiqadan 15−17 daqiqagacha qisqartirdi.

Loyiha doirasida ikkita yerosti tunneli, sakkizta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti qurildi. Magistralning o‘tkazuvchanlik quvvati sutkasiga 30 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etadi. Qoplamaning yuqori qatlami issiq iqlimga chidamli, modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan ishlangan bo‘lib, yo‘l to‘shamasining umumiy qalinligi 87 smga teng. Avtomagistral qurilishiga sakkiz oy vaqt ketdi.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Javohir Nurmurodovning ma‘lum qilishicha, 1-sentabrdan 3-sentabrgacha yo‘l sinov rejimida — soat 6:00 dan 23:00 gacha ishlagan. 4-sentabrdan boshlab esa harakat tun-u kun yo‘lga qo‘yilgan.

“Mavjud D-215 avtomobil yo‘lida bugungi kunda yuqori harakat jadalligi yuzaga kelganligi hisobiga mavjud muqobil avtomobil yo‘lidagi bir qism transport vositalarini pulli avtomobil yo‘limiz orqali yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Shuning hisobiga vaqt ham tejalayapti”, — dedi u.

Nurmurodovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi kunning o‘zida magistraldan mingdan ortiq avtomobil harakatlangan. Ruxsat etilgan tezlik soatiga 130 kilometrni tashkil etadi, bunda transport vositalarini shatakka olish, ot-aravada, velosipedda va piyoda harakatlanish taqiqlanadi.

Transport oqimi va to‘lov sun‘iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar yordamida boshqariladi.

Yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi. Yengil avtomobil uchun yo‘l haqi 26,4 ming so‘mni, mikroavtobus uchun — 44 ming so‘mni, avtobus uchun esa 66 ming so‘mni tashkil qiladi. Yo‘lda radarlar bo‘lmaydi.

Spot App Store‘da Uz Toll Road mobil ilovasini topdi. To‘lov tizimini 25-avgustdan to‘laqonli ishga tushirish rejalashtirilgan edi.

Urganch-Xiva pulli yo‘li

Yanvar oyida Xorazm viloyatida pulli avtomobil yo‘li qurish rejalari ilk bor ma’lum bo‘lgan edi. Yangi trassa Xivani to‘g‘ridan to‘g‘ri Urganch aeroporti bilan bog‘lashi ko‘zda tutilgan.

Fevral oyida Urganch va Xiva o‘rtasidagi birinchi pulli yo‘l qurilishi boshlangan. $120 mlnlik loyiha kuniga 20 mingdan ortiq avtomobil o‘tkazish imkoniyatiga ega, uzunligi 35 km bo‘lgan to‘rt polosali pulli trassa qurilishini nazarda tutadi. Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish joyi qurilishi rejalashtirilgan.

Iyul oyi oxirida prezident O‘zbekistonning Urganch va Xivani bog‘laydigan birinchi pulli avtomobil yo‘li avgust oyida ochilishini ma’lum qilgandi.

17-avgust kuni prezident matbuot xizmati Urganch-Xiva (T-001) avtomobil yo‘lida pulli qatnov yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. Yo‘lda harakatlanish vaqti 45−50 daqiqadan 15−20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.

Ertasi kuni Shavkat Mirziyoyev Xivadan Urganch xalqaro aeroportiga uzunligi 35 km bo‘lgan yangi pulli avtomobil yo‘li orqali bordi.

Spot, avvlaroq, Toshkentda $1 mlrdga ikki qavatli halqa pulli yo‘li qurilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.