Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotdan so‘ng yangi Urganch-Xiva pulli avtomobil yo‘li bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Urganch aeroporti va Xiva shahri o‘rtasidagi yangi avtomobil yo‘li aholi va sayyohlar uchun xavfsiz, tezkor va qulay harakatlanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan.
Loyiha doirasida 35 kilometr avtomobil yo‘li, 1 ta yer osti tunneli, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 15 ta ko‘prik va 106 ta suv o‘tkazish inshooti barpo etildi.
Mavjud yo‘l orqali Urganchdan Xivaga yetib borishga 45−50 daqiqa vaqt sarflansa, yangi to‘rt tasmali magistralda bu vaqt 15−17 daqiqagacha qisqaradi. Yo‘l sutkasiga 30 mingdan ortiq transport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega.
Transport oqimi va to‘lovlarni boshqarish sun‘iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Yengil va yuk avtomobillari, shuningdek, avtobuslardan to‘lov transport vositasini to‘xtatmagan holda elektron shaklda undiriladi.



Yo‘l bo‘yida xalqaro standartlarga mos xizmat ko‘rsatish va servis obyektlarini tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.
Yo‘l qoplamasining yuqori qatlamlarida issiq iqlimga chidamli maxsus modifikatsiyalangan bitum aralashmasidan foydalanilgan. Qoplamaning umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi.
Yangi magistral Urganch va Xiva o‘rtasidagi qatnovlarni yana-da tezlashtirish va qulaylashtirish, sayyohlar uchun transport imkoniyatlarini kengaytirish hamda hududning yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Urganch−Xiva pulli avtomobil yo‘li
Yanvar oyida ilk bor Xorazm viloyatida pulli avtomobil yo‘li qurish rejalari ma’lum bo‘ldi. Kelajakdagi trassa Xivani to‘g‘ridan-to‘g‘ri Urganch aeroporti bilan bog‘lashi mo‘ljallanmoqda. Undan keyin ushbu avtomobil yo‘li qurilishi boshlandi. Pulli yo‘l xalqaro standartlar asosida barpo etilib, uning qiymati $120 mlnni tashkil etadi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 15-iyul holatiga ko‘ra 35 kilometrlik Urganch-Xiva pulli avtomobil yo‘li qurilishining 80%i yakunlangan. Hozirgacha tuproq va ostki qatlam uchun asos qurish ishlari to‘liq bitkazilib, 25 km qismida birinchi qatlam asfalt qoplamasi yotqizilgan.
22-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev O‘rta Chirchiq tumanida Toshkent — Samarqand yo‘nalishidagi pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start bergan edi.
“Respublikamizning tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Xivani Urganch shahri bilan bog‘laydigan ilk pulli yo‘l qurilishini allaqachon boshlaganmiz. Nasib qilsa, uni kelgusi oyda foydalanishga topshiramiz”, — deya ma’lum qildi prezident.
Spot, avvalroq, Shahrisabz ko‘chasidagi BRT yo‘lagi avgust oxirigacha foydalanishga topshirilishi haqida yozgandi.


