Avvalroq Spot 17-avgust kuni Xivadagi Farovon Khiva Hotel mehmonxonasida prezident ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli obyektlar qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tgani haqida yozgandi.

So‘nggi to‘qqiz yil ichida Xorazm viloyatiga $7,5 mlrd investitsiya jalb qilinib, 9,7 mingta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Kichik va o‘rta biznes loyihalariga 33 trln so‘mdan ortiq kredit ajratildi.

Shu davrda aholining real daromadlari ikki baravar oshdi. Sanoat va qurilishda band bo‘lganlar ulushi 18 foizga, xizmat ko‘rsatish sohasida esa 55% ga yetdi.

Kambag‘allik darajasi 4,4% gacha, ishsizlik esa 4,5% gacha kamaydi. Shu bilan birga, 72 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylandi.

Turizm infratuzilmasi ham rivojlantirilmoqda. So‘nggi to‘qqiz yil ichida viloyatda 280 ta mehmonxona va mehmon uyi qurildi, mehmonxona o‘rinlari soni to‘rt baravarga oshdi. So‘nggi besh yilda xorijiy sayyohlar soni 10 baravarga ko‘paydi.

2016-yilda viloyatga $30 mln xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich $2 mlrddan oshishi kutilmoqda.

Infratuzilmani rivojlantirish doirasida Mustaqillik kuni arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xivagacha bo‘lgan elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, Urganch-Xiva avtomobil yo‘li pullik asosda ishga tushiriladi. Bu O‘zbekistondagi birinchi pulli avtomobil yo‘li bo‘lib, yo‘lda harakatlanish vaqti 45 daqiqadan 20 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.

Yil boshidan buyon Urganch, Xiva, Tuproqqal’a va Urganch tumanlarida kimyo sanoati, mashinasozlik, qurilish materiallari ishlab chiqarish va turizm sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratildi.

Sanoat ehtiyojlari uchun 195 gektar yerning toifasi o‘zgartirildi, elektr energetikasi va yo‘l infratuzilmasini yaxshilashga yana 100 mlrd so‘m yo‘naltirildi.


Avvalroq Spot Urganch aeroporti va Xivani bog‘lovchi yangi temir yo‘li ishga tushirilgani haqida yozgandi.