Xorazm viloyatida umumiy qiymati $176 mln bo‘lgan 12 ta yangi loyiha ishga tushirildi. Yana $7,4 mlrdlik 15 ta loyiha qurilish bosqichiga o‘tdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi yakunlari bo‘yicha prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi loyihalar doirasida jami 6,6 mingta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
“Bu ishlarni davom ettirib, bugun sizlar bilan birgalikda $176 mlnlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Bundan tashqari, xorijiy hamkorlar ishtirokida quriladigan $7,42 mlrdlik 15 ta yangi obyekt qurilishiga start beramiz,” — dedi prezident.
Yirik loyihalardan biri Tuproqqal’a tumanida BAA hamkorlari bilan qiymati $6 mlrd bo‘lgan ekologik aviayoqilg‘i ishlab chiqarish korxonasini tashkil etishni nazarda tutadi.
Loyihaga Xitoyning Sinopec kompaniyasi ham jalb qilingan. Hozir yer maydonini tayyorlash va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boshlangan.
Slovakiya hamkorlari bilan 5 ming gektar qumli yerlarni o‘zlashtirib, $170 mlnlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi. Amaliy ishlar 1,5 ming gektar maydonda boshlangan.
Urganchda yapon hamkorlari $30 mln evaziga 250 o‘rinli mehmonxona va savdo-ko‘ngilochar majmua qurmoqda. Loyihani 2027-yilda to‘liq ishga tushirish rejalashtirilgan.






Shuningdek, Urganchda Saudiya Arabistoni hamkorligida zamonaviy qozonxona quriladi. U 183 ta ko‘p qavatli uy va 37 ta ijtimoiy obyektni issiqlik hamda elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Viloyatda turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida oftalmologiya klinikasi ham tashkil etiladi.
Urganch tumanida koreyalik investorlar ishtirokida O‘zbekistonda ilk bor chiqindilarni yopiq sikl asosida qayta ishlash va 71 MVt quvvatga ega “yashil” energiya ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Investitsiya hajmi $100 mlnni tashkil etadi.
Xiva yaqinidagi 26 gektar hududda $120 mlnlik “Sahro yulduzi” turistik majmuasi barpo etiladi.
Bundan tashqari, Urganch tumanida $26 mlnlik mis sanoati klasteri va $60 mlnlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi qurilishi rejalashtirilgan.
Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan zamonaviy universitet, mehmonxona, rekreatsiya va savdo majmualari tashkil etiladi. Urganchda esa “Investorlar uyi quriladi.
Avvalroq Spot Xivada SI va xalqaro biznes bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan Xitoy OTM filiali ochilgani haqida yozgandi.





