Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar yuzasidan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingani haqida yozgan edi.

Hujjat bilan, ijara munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini 2026-yil oktabrgacha ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. Unda tadbirkorlar uchun yer va ko‘chmas mulkni ijaraga olish hamda undan foydalanish bo‘yicha qator yangi imkoniyatlar nazarda tutilgan.

Xususan, ijaraga olingan yer maydonlarini, jumladan auksion orqali olingan yerlarni boshqa tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berish huquqi joriy etiladi. Shuningdek, ko‘chma savdo obyektlarini joylashtirishga ruxsat beriladi.

Tadbirkorlik faoliyati uchun ko‘chmas mulk ijarasida “tijorat ijarasi” toifasi joriy etilib, uning tavsiya etiladigan namunaviy shartnomasi ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tuzilgan ijara shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabi bekor qilinadi. Bunda shartnomalarni soliq organlarida hisobga qo‘yish tartibi saqlab qolinadi va ijara.soliq.uz hamda kadastr axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali avtomatik hisobga olish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihada ijara haqini shartnoma amal qilayotgan davrda o‘zgartirish tartibi ham belgilanadi. Bunday o‘zgarish tomonlarning kelishuvi yoki shartnomada oldindan belgilangan indeksatsiya mexanizmi asosida amalga oshiriladi.

Shuningdek, ijaradagi obyekt sotilgan taqdirda, yangi mulkdor amaldagi tijorat ijarasi shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchining huquq va majburiyatlarini avtomatik ravishda qabul qilishi belgilanadi.

Ijarachi tomonidan obyektga kiritilgan investitsiyalarni qoplash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan.

18-avgust kuni Xivada bo‘lib o‘tgan prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Anglesey Food (Korzinka) kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov O‘zbekistonda tijorat ijarasi uchun alohida huquqiy rejim joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, ijara muddatlarini uzaytirish, tadbirkorlarning kafolatlarini kuchaytirish va ijaraga olingan obyektga kiritilgan investitsiyalarni himoya qilish mexanizmlarini yaratish zarur.

ijara munosabatlari, tadbirkorlik, tijorat ijarasi

“Agar ijara munosabatlari barqaror bo‘lmasa, bu tadbirkor uchun katta tahlika. Hozirgi kunda bu borada katta muammolar bor va ularni, o‘ylaymanki, huquqiy doirada yechish vaqti keldi”, — dedi Hoshimov .

Shavkat Mirziyoyev tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, tegishli takliflarni ikki oy ichida biznes vakillari bilan muhokama qilib, ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Avvalroq Spot bir guruh tadbirkorlar O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangani haqida yozgandi.