OpenAI’ning yangi GPT-6 Astra modeli “I'm Not a Robot” nomli brauzer o‘yinidagi barcha 48 ta sinovni muvaffaqiyatli bajardi. Bu haqda OpenAI muhandisi Sharif Shameem ma’lum qilgan.

Mazkur o‘yin internetdagi CAPTCHA tizimlarini parodiya qiladi. Unda foydalanuvchi inson ekanini isbotlash uchun turli topshiriqlarni bajarishi kerak.

Qayd etilishicha, GPT-6 Astra esa kompyuterni o‘zi boshqarib, o‘yinning barcha bosqichlarini taxminan 4 daqiqada yakunlagan.

Bunda model ekrandagi obyektlarni aniqlash, sichqoncha kursorini kerakli joyga olib borish va ketma-ket topshiriqlarni bajarish kabi amallarni mustaqil amalga oshirgan.

Biroq tajriba qanday texnik sharoitda o‘tkazilgani va modelga qanday ko‘rsatmalar berilgani to‘liq ochiqlanmagan. Shu sababli buni haqiqiy CAPTCHA himoyasini buzish deb atash to‘g‘ri bo‘lmaydi.

GPT-6 Astra 2026-yil sentyabrida taqdim etilgan bo‘lib, OpenAI uni kompyuterdan foydalanish, dasturlash, ilmiy tadqiqotlar va murakkab ish jarayonlarida kompaniyaning eng ilg‘or modeli sifatida taqdim etmoqda.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, model OSWorld 2.0 testida 72,6% natija qayd etgan va GPT-5.6 Sol’ga nisbatan topshiriqlarni taxminan 47% tezroq bajargan.

OpenAI shuningdek, Astra’ning xavfsizlik va moslashuvchanlik ko‘rsatkichlari yaxshilanganini bildirgan. Kompaniya 54 mingdan ortiq ichki Codex topshiriqlari asosidagi sinovlarda Astra’da yuqori darajadagi nomuvofiq xatti-harakatlar bo‘yicha qaydlar GPT-5.6 Sol’ga qaraganda qariyb ikki baravar kam bo‘lganini ma’lum qilgan.


Avvalroq Spot OpenAI GPT-6 Astra sun’iy intellekt modelini ishlab chiqargani haqida yozgandi.