“Xalq xaritasi” — Yandex Maps xizmati bo‘lib, unda foydalanuvchilar xaritani mustaqil ravishda to‘ldirishi va aniqlashtirishi mumkin. Ular yangi yo‘llar qo‘shadi, uy raqamlarini to‘g‘rilab, tashkilotlar haqidagi ma’lumotlarni yangilaydi. Moderatsiyadan o‘tgan o‘zgarishlar ilovada aks etib, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘ladi.

Bir qarashda kiritilgan tahrir juda kichikdek tuyulishi mumkin: hovlidagi so‘qmoqni qo‘shish, uy manzilini aniqlashtirish, kirish joyini to‘g‘rilash yoki tashkilot haqidagi ma’lumotni yangilash. Ammo qulay va ishonchli xarita aynan shunday mayda detallardan shakllanadi. Ma’lumotlar qanchalik aniq bo‘lsa, marshrut tuzish, kerakli manzilni topish, taksini to‘g‘ri kirish joyiga chaqirish yoki buyurtmani ortiqcha vaqt sarflamay yetkazib berish shunchalik oson bo‘ladi.

Bu ish bilan shug‘ullanish uchun professional kartograf bo‘lish yoki maxsus ta’limga ega bo‘lish shart emas. Hamjamiyat ishtirokchilarining ko‘pchiligi asosiy kasbi bo‘yicha kartografiya bilan bog‘liq emas. Ular xaritadagi xatolikka duch kelgach, yangi yo‘lni ko‘rgach yoki obyekt haqidagi ma’lumot eskirib qolganini payqagandan so‘ng xalq xaritasiga qo‘shilgan.

Ko‘pincha xalq kartografiyasi muayyan bir muammoni hal qilishdan boshlanadi, keyin esa qiziqarli mashg‘ulotga aylanadi. Ko‘pchilik uchun bu o‘z shahrini yaxshiroq o‘rganish va o‘z hissasining boshqalarga haqiqatan ham foyda keltirayotganini his qilish imkoniyatidir.

Hamjamiyat hissasi xaritada qanday aks etadi?

2020-yil boshidan buyon xalq kartograflari sa’y-harakatlari bilan Yandex Maps’da O‘zbekiston bo‘yicha 1 mlndan ortiq yangi obyekt paydo bo‘ldi. Ular qatorida yo‘llar, manzillar, uylar, tashkilotlar va shahar infratuzilmasining boshqa muhim elementlari bor. Shu davr ichida ishtirokchilar qariyb 1,75 mlnta tahrir kiritgan.

So‘nggi bir yilning o‘zida O‘zbekiston xalq kartograflari 240 mingdan ortiq o‘zgartish kiritdi. Jumladan, 109 mingta manzil va uy ma’lumoti aniqlashtirildi, 57 mingta yo‘l va ko‘cha haqidagi ma’lumot yangilandi, 38,5 mingta tashkilot haqidagi ma’lumotlar to‘ldirildi.

Bu raqamlar ortida odamlar har kuni ko‘rib turgan o‘zgarishlar mujassam: yangi yo‘lak, uyga kirish yo‘lining o‘zgarishi, yangi ochilgan tashkilot yoki xaritada hali aks etmagan yo‘llar. Xalq kartograflari suratlar va panoramalarni o‘rganib, o‘zlariga tanish hududlarni batafsil to‘ldirishadi hamda xaritaning real hayotdagi o‘zgarishlarni tezroq aks ettirishiga yordam berishadi.

reklama, yandex maps

Tez o‘zgarayotgan shahar muhiti uchun bu ayniqsa muhim. Xarita dolzarb bo‘lsa, aholi marshrutlarni osonroq tuzadi, haydovchilar va kuryerlar kerakli manzilni tezroq topib, biznes mijozlar uchun ko‘rinarli bo‘ladi, mamlakat mehmonlari esa notanish shaharda osonroq harakatlanadi.

reklama, yandex maps

Hamjamiyat qanday faoliyat yuritadi?

Bugungi kunda O‘zbekistonda xalq kartograflarining faol hamjamiyati shakllangan. Ularning o‘z chatlari mavjud bo‘lib, u yerda murakkab tahrirlar muhokama qilinadi, tajriba almashiladi va yangi ishtirokchilarga qoidalarni tezroq o‘zlashtirishda yordam beriladi.

Hamjamiyat a’zolari oflayn uchrashuvlar ham tashkil qiladi. Iyun oyida Yandex Uzbekistan ofisida xalq kartograflarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar bir yillik faoliyat natijalarini sarhisob qildi, xaritani yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi va servis taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi uchun kompaniya tomonidan taqdirlandi.

reklama, yandex maps

Bunday uchrashuvlar ishtirokchilarga bir-biri bilan yaqindan tanishish, murakkab holatlarni muhokama qilish va alohida tahrirlar ortida mamlakat xaritasini aniqlashtirish yo‘lida birlashgan katta jamoa turganini his qilish imkonini beradi.

Qanday qilib xalq kartografi bo‘lish mumkin?

Har qanday foydalanuvchi xalq kartografiga aylanishi mumkin. Buning uchun maxsus ta’lim yoki kartografiya sohasidagi tajriba talab etilmaydi.

reklama, yandex maps

“Xalq xaritasi” saytiga kirib, yo‘riqnomalar bilan tanishish va birinchi tahrirni kiritishning o‘zi kifoya. Masalan, manzilni aniqlashtirish, xaritada yo‘q obyektni qo‘shish, yo‘l haqidagi ma’lumotni to‘g‘rilash yoki tanish joy haqidagi ma’lumotni yangilash mumkin. Yangi ishtirokchilar xatodan qo‘rqmasligi kerak: barcha o‘zgartishlar moderatsiyadan o‘tadi. Agar tahrirni takomillashtirish zarur bo‘lsa, moderatorlar nimani yaxshilash mumkinligini tushuntirib, qoidalarni batafsil izohlaydi va ma’lumotni nashrga tayyorlashga yordam beradi.

Shu tariqa hatto yangi paydo bo‘lgan so‘qmoq yoki uyga kirish joyidagi kichik o‘zgarish ham har kuni minglab aholi, haydovchilar, kuryerlar va mehmonlar foydalanadigan xaritaning muhim qismiga aylanishi mumkin.

Reklama huquqlari asosida.