Prezident qarori bilan Orif Butayev Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Butayev bir vaqtning o‘zida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari ham hisoblanadi.

U mazkur tayinlovga qadar Mikrokreditbank boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelgan.

Orif Butayev 1983-yili Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U 2006-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini, 2012-yili esa bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

2006-yildan 2019-yilgacha Markaziy bankda ishlagan. 2019-yildan 2020-yilgacha O‘zsanoatqurilishbank‘da boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

2020-yildan esa Mikrokreditbank‘da boshqaruv raisi lavozimida ishlab kelayotgandi.

O‘tgan yilning avgustida Butayev Sodiq xizmatlari uchun medali bilan mukofotlangandi.


Spot, avvalroq, Azizbek Urunov Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasiga rais bo‘lgani haqida yozgandi.